Inson huquqlarini buzgan 118 nafar mas’ul shaxs javobgarlikka tortilgan
Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatova Ombudsman instituti yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini olib borganini qayd etdi.

2025-yilda Ombudsman nomiga 26 ming 372 murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 12,6 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng kam murojaatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Sirdaryo viloyatidan kelib tushgan.
Senatning 2025-yil 18-martdagi tegishli qarori ijrosi yuzasidan eng ko‘p murojaat yuborilgan hududlar – Qashqadaryo viloyatining Koson hamda Surxondaryo viloyatining Denov tumanlariga tashrif buyurilib, 20 dan ortiq mahallada fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar mas’ul idoralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Natijada murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga kiritilgan.

Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga oid murojaatlar sonining ortgani sababli ayollar huquqlarini ta’minlash borasidagi qonun hujjatlarining amaldagi ijrosi samaradorligini o‘rganish hamda parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Ombudsman tashabbusi bilan 2025-yilda “Tenglik va hurmat” platformasi ishga tushirildi.
Reabilitatsiya markazlarida 150 nafardan ortiq zo‘ravonlikka uchragan ayollar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yordam ko‘rsatildi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra Ombudsman takliflari ishlab chiqilib, Oliy Majlisning palatalariga kiritilgan.

Murojaatlarni tizimli tahlil qilish orqali qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlar va huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarni aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yilda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashni yanada mustahkamlashga qaratilgan 3 qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan bitta qonunchilik taklifi Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Ombudsman tavsiyasi asosida davlat organlari tomonidan 11 normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqildi.
Inson huquqlari sohasidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan 194 ta’sir chorasi kiritilib, ularning 82 foizi ijobiy hal etildi. Natijada fuqarolar foydasiga 11 milliard 82 million so‘m mablag‘ undirildi.
Inson huquqlarini buzgan 118 nafar mas’ul shaxs intizomiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortildi.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 954 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi. 11 mingdan ortiq mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy, 5 ming 487 nafar shaxs bilan xoli tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar asosida bir qator muassasalarda shart-sharoitlar yaxshilandi, 8,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Toshkent viloyatining Chinoz, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari tugatildi.
Yalpi majlisda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim kamchilik va muammolar ham kuzatilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Muhokamalar davomida qonunchilikda belgilangan ta’sir choralaridan samarali foydalanish, murojaatlarni eng ko‘p kelib tushgan hududlar kesimida o‘rganish, mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA