O‘zbekiston – Chexiya: Sheriklikning geoiqtisodiy va siyosiy tahlili
Jahon siyosati va iqtisodiyotida tektonik transformatsiya jarayon kechayotgan bugungi sharoitda Yangi O‘zbekistonning pragmatik, ochiq va ko‘p qirrali tashqi siyosati aniq natija bermoqda. Respublikamiz geografik jihatdan uzoq, biroq texnologik va sanoat jihatidan yaqin hamkorlar bilan tizimli muloqot o‘rnatib, Markaziy Osiyoning geoiqtisodiy manzarasini yangidan shakllantirmoqda. Aynan shu jihatdan Yevropa Ittifoqi sanoat markazlaridan biri hisoblangan Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning 2026-yil 29-30-aprel kunlari Toshkentga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi o‘ttiz yildan ortiq tarixga ega munosabatni yangi, yuqori texnologik, industrial kooperatsiya darajasiga ko‘tarishi kutilyapti.
Chexiyaning geostrategik portreti va makroiqtisodiy barqarorligi
Yevropa qit’asi qoq markazida joylashgan Chexiya bugungi kunda YeI doirasida barqaror makroiqtisodiy ko‘rsatkichga, kuchli eksportga yo‘naltirilgan sanoat bazasi va yuqori malakali inson kapitaliga ega davlat sifatida e’tirof etiladi. 2022-2023-yillardagi global energetika va inflyatsiya inqirozidan so‘ng mamlakat iqtisodiyoti barqaror tiklanish bosqichiga o‘tdi. Chexiya Moliya vazirligi shu oy e’lon qilgan makroiqtisodiy hisobotda 2025-yil yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 2,6 foiz o‘sgani, inflyatsiya 2,5 foizni tashkil etgani qayd etildi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil ushbu davlatda YAIM o‘sishi 2, 2027-yil 2,1 foizni tashkil etishi bashorat qilingan. Asosiy o‘sish omili sifatida xususiy iste’mol va YeI Tiklanish va barqarorlik jamg‘armasi orqali yo‘naltirilayotgan sarmoya jadal o‘zlashtirilishi ko‘rsatilgan.
Global reytinglarni kuzatsak, Chexiya Iqtisodiy murakkablik indeksi (Economic Complexity Index)da dunyoning yetakchi davlatlari qatoridan joy olganini ko‘ramiz. Ya’ni, respublika mashinasozlik, avtomobilsozlik, temir yo‘l transporti ishlab chiqarish, aniq mexanika va elektrotexnika sohalarida yuqori texnologik mutaxassislashuvga erishgan. An’anaviy savdo hamkorlar, xususan Germaniya iqtisodiyoti sustlashuvi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yangi, yuqori o‘sish sur’atiga ega bozorlar izlash, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasiga e’tiborni kuchaytirishga undamoqda. Chexiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan “iqtisodiy diplomatiya” konsepsiyasiga to‘liq mos keladigan ushbu qadam Bosh vazir Babishning mintaqaviy turiga qat’iy iqtisodiy mantiq baxsh etmoqda.
Chexiya energetika sektori O‘zbekiston uchun zarur yo‘nalishda qayta shakklanmoqda. Hozir mamlakatdagi “Dukovani” va “Temelin” Atom elektr stansiyalaridagi olti yadro reaktori milliy elektr ishlab chiqarishning qariyb 40 foizini ta’minlaydi. O‘tgan yil 4-iyun kuni davlat konserni ČEZ va Janubiy Koreyaning “Korea Hydro & Nuclear Power” (KHNP) kompaniyasi “Dukovanы” hududida har birining quvvati 1 GVt bo‘lgan APR1000 rusumli ikki yangi – beshinchi oltinchi energiya blogini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Mazkur kelishuv qiymati taxminan $19,2 milliardni tashkil etadi. Chexiyaning ko‘mirdan 2033-yilgacha to‘liq voz kechish, asosiy urg‘uni tinch atom va qayta tiklanuvchi manbalarga ko‘chirish strategiyasi energetika tizimini izchil takomillashtirayotgan O‘zbekiston uchun alohida e’tiborga molik.
Siyosiy muloqot: tarixiy ildizdan zamonaviy strategik sheriklik sari
Chexiya Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini 1992-yil 24-yanvarda tan olgan. 1993-yil 1-yanvar kuni ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan. 1992-yildayoq ochilgan Chexiyaning Toshkentdagi savdo vakolatxonasi 1994-yil elchixonaga aylantirildi. O‘tgan yillar mobaynida amalga oshirilgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar siyosiy muloqot poydevori bo‘lib xizmat qildi.
Munosabatlardagi haqiqiy, sifat jihatidan jadal faollashuv so‘nggi o‘n yillikda kuzatildi. Bu borada 2023-yil tub burilish nuqtasi bo‘ldi: aprel oyida Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala O‘zbekistonga, oktabr oyida esa mamlakatimiz Bosh vaziri Abdulla Aripov Pragaga tashrif uyushtirib, “Kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risida”gi Davlatlararo qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. 2024-yil oktabrida Toshkentda Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy bilan rasmiy muzokara bo‘lib o‘tdi. 2025-yil Prezident Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Prezidenti Petr Pavel BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi doirasida uchrashib, ikki tomonlama sheriklik kun tartibini strategik darajada tasdiqladilar. Institutsional jihatdan yana bir muhim qadam o‘tgan yil fevral oyida Oliy Majlis palatalarida o‘zbek-chex parlamentlararo do‘stlik guruhlari tuzilishidir. Ayni payt Pragada respublikamiz elchixonasini ochish bo‘yicha amaliy ish yakuniy bosqichga kirgan.
Iqtisodiy sheriklik va tovar ayirboshlash o‘sishi
Savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarni harakatlantiruvchi kuchdir. So‘nggi besh yilda tovar aylanmasi sezilarli o‘sdi. Shuningdek, yirik davlat xaridlari sabab, tabiiy tebranish kuzatildi. Chexiyadan yurtimizga kirib keladigan mahsulotlar tarkibida mashinasozlik uskunalari, temir yo‘l va aviatsiya transport vositalari, kimyo va yuqori texnologik sanoat buyumlari ustun. O‘zbekiston eksporti esa xizmat, to‘qimachilik, kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat va xom ashyo kabi turlarni qamrab olgan.
Raqamlar tahlili ko‘rsatadiki, 2023-24 yillarda tovar aylanmasi 434,7 million dollarga yetib, rekord qayd etgani Chexiyadan transport texnikasi sotib olish bo‘yicha yirik mega-shartnomalar imzolangani bilan bog‘liq. 2025-yil ushbu yirik xaridlarni faol yetkazib berish bosqichi yakunlangach, tovar aylanmasi 189,7 million dollar atrofidagi odatiy muvozanat nuqtasiga qaytdi. Joriy yil yanvar-fevral oylarida esa yana barqaror o‘sish tendensiyasi (+5,3 foiz) shakllandi. Hozir O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 40 dan ziyod kompaniya, jumladan 100 foiz xorijiy sarmoyaga asoslangan 14 korxona faoliyat yuritmoqda. Bu raqamlar sheriklik institutsional jihatdan tobora chuqurlashayotganidan dalolat. Iqtisodiy muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmi sifatida iqtisodiyot, sanoat va ilmiy-texnika hamkorligi bo‘yicha Hukumatlararo komissiya faoliyat yuritmoqda. Guruhning 10-majlisi 2025-yil martda Pragada bo‘lib o‘tgan.
Sanoat kooperatsiyasi va infratuzilmaviy mega-loyihalar
Ikki mamlakat iqtisodiy munosabatining yangi xususiyati oddiy savdo almashinuvidan chuqur sanoat kooperatsiyasiga izchil o‘tish jarayonidir. Bu borada Chexiyaning “Škoda Group” mashinasozlik konserni loyihalari muhim o‘rin tutadi. 2023-yil 11-oktabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Škoda Group” 30 to‘plam elektr poyezdi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Hujjat qiymati 320 million yevro va bu Chexiya kompaniyasi bilan O‘zbekiston o‘rtasida tuzilgan tarixan eng yirik bitim.
Chexiya elchisi Lyubomir Frebort ma’lum qilganidek, tomonlar poyezdlarni O‘zbekiston hududida yig‘ish va ehtiyot qismlarni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish loyihasini ishga tushirishga kelishib olgan. Ushbu tashabbus doirasida Toshkent davlat transport universiteti huzurida mahalliy kadrlarni Yevropa standarti asosida tayyorlovchi “Škoda Academy” ochilishi rejalashtirilmoqda. Shu tariqa nafaqat temir yo‘l transportini mahalliylashtiriladi, balki diyorimizda zamonaviy mashinasozlik tarmog‘i uchun zarur malakali inson kapitali ham shakllantiriladi.
Transport infratuzilmasidagi yana bir muhim qadam – aviatsiya sohasiga tegishli. 2023-yil 15-iyun kuni “Uzbekistan Airways” kompaniyasi va Chexiyaning “LET Aircraft Industries” konserni o‘rtasida LET L-410 turbo vintli 4 ta samolyot xarid qilish to‘g‘risida bitim imzolandi. Qisqa va o‘ta qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklariga moslashtirilgan ushbu yengil havo kemalari respublika ichkarisi, jumladan Zarafshon, Shahrisabz va Andijon shaharlarga qatnovni ko‘paytirish orqali ichki turizmni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Sanoatning boshqa tarmoqlarida ham innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Chexiya geologiya xizmati o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birga Omontoytov oltin konini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda Qalmoqir mis-porfir konida platina guruhi metallari, xususan palladiyning yuqori miqdori aniqlandi. Bundan tashqari Chexiya tomoni O‘zbekistonning qazilma boyliklarini qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish va mudofaa sanoati sohalarida zamonaviy texnologik yechimlar taqdim etishga jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Inson kapitali, ta’lim va mehnat migratsiyasi
Gumanitar va ijtimoiy aloqalar ikki davlat integratsiyasining eng barqaror ustunidir. Masalan, ushbu davlat Karlova universiteti, Chexiya texnika va Agrar-texnika universitetlari misolida yoshlarimiz uchun qulay akademik markazga aylandi. So‘nggi besh yil Chexiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ikki barobar ortib, taxminan 700 nafarga yetdi. Ustuvor yo‘nalishlar – texnika, iqtisodiyot, agrar soha va axborot texnologiyalari. 2025-yil 18-dekabr kuni Pragada elchixonamiz ko‘magida vatandoshlarimiz muvaffaqiyatli moslashuvi va ularning jipslashishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston talabalari Assotsiatsiyasi ta’sis etildi.
Ilmiy yo‘nalishda Termiz davlat universiteti va Karlova universiteti o‘rtasida 2003-yildan buyon davom etayotgan qo‘shma arxeologik ekspeditsiyani alohida e’tirof etish joiz. Sherobod vohasi va Jondavlattepada olib borilgan qazishmalar, Ko‘hitang va Boysun tog‘lari yon-bag‘ridagi izlanishlar, shuningdek 2021-yildan buyon Jarqo‘rg‘on tumani arxeologik xaritasini tuzish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar jahon ilm-fanini bronza va ilk temir davriga oid noyob topilmalar bilan boyitdi.
Mehnat migratsiyasi sohasida Chexiya har yili O‘zbekiston fuqarolari uchun asosan sog‘liqni saqlash va qariyalarni parvarishlash yo‘nalishlarida 150 ta rasmiy ishchi viza ajratmoqda. Ayni payt ushbu mamlakatda sanoat, qurilish, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida taxminan 3 000 nafar fuqaromiz rasman faoliyat yurityapti. Ikki tomonlama yondashuv mohiyati ko‘r-ko‘rona, norasmiy migratsiyadan rejali va malakali kadrlar almashinuvi tizimiga izchil o‘tishdan iborat.
Bosh vazir tashrifi: geosiyosiy va iqtisodiy istiqbol
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning Toshkentga ikki kunlik rasmiy tashrifi Markaziy Osiyo va Markaziy Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy diplomatiyada muhim vrqea bo‘lishi kutilyapti. Aynan O‘zbekistonga tashrif rasmiy mintaqaviy tur cho‘qqisi sifatida e’tirof etilmoqda.
Delegatsiya tarkibida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Karel Gavlichek boshchiligida energetika, transport, mashinasozlik va mudofaa sanoati turli tarmoqlarini ifodalovchi 50 ga yaqin kompaniya yetakchilari bor. Dasturning markaziy tadbiri – Toshkentda o‘tkaziladigan “Chexiya – O‘zbekiston” biznes-forumida B2B va B2G formatlarida bevosita muzokaralar, iqtisodiyot va sarmoya salohiyati taqdimoti, shuningdek qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish yo‘lidagi aniq qadamlar muhokama etiladi.
Yuqori darajadagi muloqot doirasida quyidagi qator strategik vazifalar hal etilishi rejalashtirilgan. Birinchidan, mashinasozlik va sanoat tizimini avtomatlashtirish yo‘nalishida texnologiya transferi ko‘lamini kengaytirish, temir yo‘l vagonsozligi sohasida yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish va Toshkentda “Škoda Academy” faoliyatini ishga tushirish. Ikkinchidan, O‘zbekistonning qo‘shilgan qiymatga ega sanoat, to‘qimachilik va agrar mahsulotlari eksportini Chexiyaning yuqori daromadli bozoriga yetkazishni jadallashtirish orqali o‘zaro savdo muvozanatini muvofiqlashtirish. Uchinchidan, tinchlikka xizmat qiladigan atom energetikasi, nodir va qimmatbaho metallarni qazib olish va qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish va “yashil” iqtisodiyot sohalarida Chexiyaning ilg‘or texnologik yechimlarini milliy iqtisodiyotimizga tatbiq etish.
Xulosa
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi strategik sheriklik bugungi kunda milliy iqtisodiyot tarmoqlarini chuqur modernizatsiya qilishga xizmat qiluvchi amaliy mexanizmga aylangan. Diplomatik munosabat tarixi, faol ishlayotgan 40 dan ortiq qo‘shma korxona, rekord darajadagi “Škoda” shartnomasi, temir yo‘l va aviatsiya sohasidagi mahalliylashtirish loyihalari, shuningdek ilm-fan, ta’lim va mehnat migratsiyasi bo‘yicha tizimli hamkorlik – bularning bari ko‘p qirrali aloqalar poydevori pishiqligidan dalolat.
Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning Toshkentga ishchi tashrifi mazkur konstruktiv, o‘zaro hurmatga asoslangan va har ikki tomon uchun manfaatli sheriklik solnomasida yangi, yuqori texnologik sahifa ochib, xalqlarimiz farovonligi hamda mintaqaviy taraqqiyot yo‘lidagi uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.
Abduaziz Xidirov,
O‘zA sharhlovchisi