O‘zbekiston va AQSHning Yuta shtati o‘rtasidagi sheriklik amaliy mazmun kasb etmoqda
O‘zbekiston va AQSHning Yuta shtati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbir doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva AQSHning mazkur shtati Senati raisi Styuart Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Yuta shtati o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda izchil rivojlanib, parlamentlararo aloqalar, ta’lim, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, gumanitar hamkorlik va inson kapitali salohiyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar Yuta shtati va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik mustahkam amaliy mazmun kasb etayotganini qayd etdi.

Xususan, Yuta shtati vakillari O‘zbekistonga doimiy ravishda tashrif buyurmoqda. Ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda. Ta’lim muassasalari, ishbilarmon doiralar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ham mustahkamlanayotir.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘rnatilgan aloqalarni institutsional jihatdan mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA