Indoneziyada Apple, iPhone 16 smartfonlari sotuvini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bunga sabab kompaniya tomonidan mamlakatda biznes yuritish uchun zarur investitsiyaviy talablarning bajarilmaganidir, deb xabar beradi Interfaks axborot agentligi.
The Wall Street Journal nashri xabar berishicha, ta’qiq faqat iPhone 16 telefonlari uchun amal qilib, Apple kompaniyasining boshqa mahsulotlariga taalluqli emas. Indoneziya sanoat vazirligining bayonotiga ko‘ra, kompaniyaning mahalliy bo‘limi 1,71 trillion Indoneziya rupiysi (taxminan 108,7 mln. dollar) miqdoridagi investitsiya majburiyatlarini bajarmagan. Hozirgi vaqtda kompaniya sarmoyasi hajmi talab qilingan darajadan 240 milliard rupiyga kam.
Indoneziya qonunchiligi mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlab, uning importga qaramliligini kamaytirishga yo‘naltirilgan. Amaldagi talablarga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar Indoneziya bozorida o‘z mahsulotlarini sotish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun sarmoya kiritishi yoki mahalliy xodimlarni ishga olishi kerak.
Indoneziyaning ko‘p sonli aholisi va ularning oshib borayotgan daromadi tufayli mamlakat smartfonlar bozori ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA.