“Turizm to‘g‘risida”gi qonunning Samarqand viloyatidagi ijrosi tahlil qilindi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonunning viloyatdagi ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil faoliyatiga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonunning viloyatdagi ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil faoliyatiga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Samarqand viloyati hokimligi vakillari, viloyatdagi sayyohlik firmalari, mehmonxonalar rahbarlari, turistik obyektlar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Parlament quyi palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi A.Jalilov va boshqalar yurtimizda turizmni yanada rivojlantirish, mamlakatimizni jahonda turizm markazlaridan biriga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonuni va sohaga oid ko‘plab huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilingani mamlakatimiz sayyohlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, turizm industriyasini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Samarqand viloyatida 1 ming 105 arxeologik va 670 me’moriy obida, 37 diqqatga sazovor joylar, 18 monumental, 21 memorial, jami 1 ming 851 moddiy-madaniy meros obyekti mavjud – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Q.Jo‘rayev. – Viloyatda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2016-2017-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturiga asosan, mazkur obyektlarda ta’mirlash, restavratsiya, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilgan. Sayyohlar mobil qurilma asosida mustaqil harakatlanishi uchun o‘zbek, rus va ingliz tillarida “SAM TOUR” dasturi yaratilgan. Sayyohlar keladigan obyektlarga olib boruvchi yo‘llar bosqichma-bosqich ta’mirlanmoqda. Sayyohlik firmalari keyingi to‘rt yilda xorijdan 80 dan ortiq zamonaviy avtobus xarid qilgan.
Yig‘ilishda qonun ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida kuzatilgan kamchiliklar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga alohida e’tibor qaratilib, zarur taklif va tavsiyalar bildirildi. Viloyatning boy turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, sayyohlarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish ishlarini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.