Ilmga yo‘naltirilgan sarmoya: Temuriylar madrasalari tarixiga bir nazar
Tarix sahifalarini varaqlar ekanmiz, ba’zan bugungi kun kishisini ham hayratga soluvchi ayrim dalillarga duch kelamiz. Husayn Boyqaro hukmronligi davrida Hirotdagi madrasalarda o‘qitish faqat qat’iy tanlov asosida olib borilgan.
Bu maskanlarda har oyda maxsus sinovlar o‘tkazilar edi. Bilimi bo‘sh va layoqatsiz talabalar darhol o‘qishdan chetlashtirilgan. Ta’lim olishni faqat eng kuchli va iqtidorli tolibi ilmlargina davom ettirgan. Bunday keskin va shafqatsiz ilmiy talab Temur va temuriylar davridagi oliy ma’lumot berish darajasining naqadar yuksak bo‘lganini ko‘rsatadi. Mazkur davrda madrasalar shunchaki o‘quv binosi emas, balki haqiqiy ilm-fan o‘chog‘i vazifasini bajargan.
Musulmon olamida birinchi madrasa aslida o‘ninchi asrda Buxoroda barpo etilgan edi. Amir Temur va uning avlodlari esa bu an’anani misli ko‘rilmagan darajaga olib chiqdi. Movarounnahr va Xuroson bo‘ylab yuzlab yangi bilim maskanlari qad rostladi. Davlat xazinasidan va davlatmand shaxslarning shaxsiy mablag‘laridan bu yo‘lda ayamasdan sarmoya ajratilgan. Mashhur tarixchi Xondamirning yozib qoldirgan ma’lumotlari bunga yaqqol isbotdir. Uning qayd etishicha, faqatgina Hirot hududining o‘zida o‘ttiz oltita yirik madrasa faoliyat yuritgan. Bu madrasalar va shu hududdagi xonaqohlarda ta’lim olish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan talabalar oqib kelgan.
Madrasalardagi ta’lim faqat diniy bilimlar bilan cheklanib qolmagan. Ilohiyot bilan bir qatorda dunyoviy fanlar ham chuqur o‘qitilgan. Qonunshunoslik, ya’ni fiqh, mantiq, riyoziyot va handasa darslariga alohida e’tibor qaratilgan. Talabalar falakiyot, tibbiyot, tarix va jug‘rofiya sirlarini qunt bilan o‘rgangan. Shuningdek, adabiyot, ilmi aruz va arab tili kabi yo‘nalishlar ham dars jadvalidan mustahkam o‘rin olgan. Bunday murakkab fanlardan faqat eng yetuk mutaxassislargina dars bera olardi. Shu bois, saroy tomonidan mudarrislarga juda yuqori ish haqi to‘langan. Bu esa olimlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini keskin oshirgan.
Davlat arboblari va ayollarning ilm-fanga homiyligi alohida tahsinga loyiq. 1404-yili Amir Temurning ruxsati bilan uning xotini Saroymulkxonim Samarqandda muhtasham madrasa qurdiradi. Buning uchun u o‘z otasi Qazonxondan qolgan meros mablag‘larini sarflagan. Mazkur inshoot o‘z hashamati va ko‘rki bilan o‘sha davrdagi boshqa binolardan yaqqol ajralib turardi. Unda o‘z zamonining eng mashhur olimlari mudarrislik qilgan. Mirzo Ulug‘bek esa bobosining yo‘lini davom ettirib, jami to‘rtta madrasa barpo etdi. Bulardan bittasi Buxoroda, yana biri G‘ijduvonda va ikkitasi Samarqandda qad rostlagan. O‘sha paytlarda Samarqandning o‘zida Ulug‘bek qurdirgan binolardan tashqari Xonim, Qutbuddin Sadr va Muhammad Sulton madrasalari ham uzluksiz ziyo taratib turgan.
Hirot tevaragidagi ta’lim muassasalari ham o‘z shuhrati bilan dovrug‘ qozongan. Ayniqsa, amir Feruzshoh madrasasi va xonaqohi butun Xurosonda ma’lum va mashhur edi. Injil arig‘i bo‘yida, Dorushshifo shifoxonasining ro‘parasida esa Ixlosiya madrasasi hamda Xalosiya xonaqohi joylashgan. Ushbu bilim maskanlari bevosita Husayn Boyqaro hukmronligi davrida barpo etilgan. Bu dargohlarda amir Burhoniddin Atoulloh Nishopuriy, qozi Ixtiyoruddin Hasan Jurobiy kabi yetuk mudarrislar saboq bergan. Amir Murjoz va Fasihuddin Muhammad Nizomiy singari buyuk zehn sohiblari ham aynan shu madrasada tolibi ilmlarga ustozlik qilgan. Bunday olimlarning jamlanishi chet ellik talabalarning Hirotga intilishini yanada kuchaytirgan.
Madrasa va xonaqohlardagi ta’lim faqat og‘zaki ma’ruzalar asosiga qurilmagan. Tinglovchilar fanning turli sohalariga oid ko‘pgina nodir kitoblarni tahlil qilar edilar. Temur va uning avlodlari saroylarida qadimgi dunyo hamda o‘rta asrlarning noyob asarlari saqlanadigan boy kutubxonalar mavjud bo‘lgan. Samarqandda Amir Temur va Ulug‘bekning kitob xazinalari ziyo tarqatish bilan band edi. Hirotda esa Shohrux, Boysung‘ur, Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning boy kutubxonalari faoliyat yuritgan. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning shaxsiy kutubxonasini 1499-yildan boshlab Xondamirning o‘zi boshqargan. Ko‘plab mualliflar o‘z asarlarini aynan mana shu nufuzli kutubxonalarga bag‘ishlab yozganlar. Buyuk olim G‘iyosiddin Koshiy ham o‘z asarlarining kirish qismida ularni Ulug‘bek kutubxonasiga bag‘ishlaganini alohida ta’kidlab o‘tgan.
Kitobot san’ati va kutubxonachilik ishiga davlat darajasida e’tibor qaratilishi buyuk iste’dodlarni yetishtirib chiqardi. O‘rta asrlarning tengsiz san’atkori, minyatyura yo‘nalishining zabardast vakili Kamoliddin Behzod bunga yorqin misoldir. U 1500-yili Husayn Boyqaro saroyidagi kutubxonaga rahbarlik qilgan. Keyinchalik Hirotdan Tabrizga ketgach, shoh Ismoilning kutubxonasiga ham boshchilik qilgan. Ko‘rinib turibdiki, Temuriylar davridagi ta’lim va ilm-fanga bo‘lgan bunday cheksiz e’tibor tasodifiy emasdi. U mukammal ishlangan, uzluksiz moliyalashtirilgan va qat’iy nazorat qilingan ma’rifat yo‘li edi. Aynan mana shu mustahkam poydevor millatimizning jahon tamaddunida o‘chmas iz qoldirishini ta’minlagan.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA