Vatanga sadoqat qasami
Buxoro shahrining tarixiy va muqaddas maskanlaridan Ark qo‘rg‘oni oldida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Buxoro viloyati boshqarmasiga muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan yoshlar ishtirokida “Vatanga qasamyod” tantanali marosimi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Marosim tantanali marsh sadolari ostida jangovar bayroqning maydonga olib kirilishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng saf tortgan yosh harbiy xizmatchilar ona Vatanimiz sarhadlarini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘nggi nafasi qolgunicha himoya qilishga qasamyod qildi.

Har bir yosh askar xalq tinchligi va mamlakat xavfsizligini ta’minlashdek sharafli vazifani sidqidildan ado etishga tayyor ekanini namoyon etdi. Tadbir davomida ularga Milliy gvardiya qo‘mondonining tabrigi o‘qib eshittirildi hamda maxsus Prezident sovg‘alari topshirildi.

Tadbirning yana bir yorqin qismi sifatida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda safga yaqinda qo‘shilgan yosh askarlar tomonidan qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlar, saf tayyorgarligi va qo‘l jangi bo‘yicha murakkab elementlar namoyish etildi. Ularning mahorati yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tantana kuy-qo‘shiqlar, dilbar raqslar va bayramona chiqishlar bilan davom etdi. Bu esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh va fayz bag‘ishladi.

Ark qo‘rg‘oni bag‘rida o‘tkazilgan ushbu marosim yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni el-yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.