Mo‘ynoqda ilmiy-amaliy konferensiya
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida “Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni saqlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali tomonidan tashkil etilgan konferensiyada Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek, dolzarb global ekologik muammolarning ilmiy asoslangan yechimlarini topish haqida so‘z bordi.
Tadbirda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining Qozog‘iston Respublikasidagi Ijro etuvchi direksiyasi vakillari (onlayn formatda), jamg‘armaning Toshkent shahridagi agentligi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘istonning tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, shuningdek, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida Orolbo‘yi sharoitida ekotizimlarni tiklash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, suvdan samarali foydalanish va innovatsion yechimlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar va taqdimotlar taqdim etildi. Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajriba almashish istiqbollarini muhokama qildilar. Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit (RES 2026) doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilgari surgan tashabbuslarini Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar Orol dengizining qurigan tubida ekologik madaniyatni oshirish va ko‘kalamzorlashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ramziy daraxt ekish ekologik aksiyasida ishtirok etdilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.