“Ibrat” loyihasining ilk mehmoni Maftuna Turg‘unpo‘latova Andijon viloyati Baliqchi tumanida tug‘ilib, voyaga yetgan. Suhbatdoshimiz Amerika Qo‘shma Shtatlarida joylashgan Arizona universiteti talabasi. U 2022 yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarda ishtirok etib, “Jamg‘arma stipendiati” deya e’tirof etilgan.

Qahramonimiz universitetdagi ta’lim jarayonlari, qiziqishlari, amalga oshirayotgan yangi loyihalari xususida quyidagilarni gapirib berdi:
–AQSHning nufuzli universitetlarida tahsil olish parvozlar, uy-joy va yashash xarajatlari bilan birga hisoblansa, katta mablag‘ni talab etadi, – deydi Maftuna Turg‘unpo‘latova. – Menga bu imkoniyat davlat tomonidan taqdim etildi. AQSHga qadam qo‘yar ekanman, yelkamda katta mas’uliyat borligini his qildim. Aslida AQSH va mamlakatimiz ta’lim tizimida o‘xshashliklar bor. Masalan, bakalavriatda o‘qish to‘rt yilcha davom etadi. Magistraturada esa ikki yil davomida o‘qish mumkin. Ammo bu yerda ta’lim murakkabligi va jadalligi ancha yuqori. Talabalardan nafaqat yaxshi o‘qish, balki mustaqil ta’lim olishga tayyor bo‘lish ham talab etiladi.
Yangi jamoa, o‘zgacha mentalitet, urf-odatlar... Umuman o‘zim uchun begona bo‘lgan yangi muhitga ko‘nikishimga bir yilcha vaqt kerak bo‘ldi. Bolalikdan sayohat qilishga, yangi joylarni, yangi narsalarni kashf qilishga qiziqardim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, universitetda ham yangi do‘stlar orttirishga qiynalmadim.
Arizona universitetida Biznes boshqaruvi yo‘nalishida ta’lim olaman. Barchamizga ma’lumki, biznes va tadbirkorlik zamonaviy iqtisodiyotning asosidir. Men tabiatan tinib-tinchimas fe’l-atvorga ega qizman. O‘qish davomida 2-semestrda “Eller Collage of Management”, “SPARK Entreprenuership” dasturlarida o‘zimni sinab ko‘rishga qaror qildim. Maxsus intervyudan keyin dastur ishtirokchisiga aylandim. “SPARK Entreprenuership” dasturi bir yillik dastur bo‘lib, professor va biznes egalari bilan birgalikda yirik kompaniya va korxonalar uchun manfaatli loyiha yaratadi. Jamoamiz bilan ilk loyihamiz “Coca-Cola” kompaniyasi uchun universitetlarda qayta foydalansa bo‘ladigan plastik idishlarni boshqa chiqindilarga aralashtirmasdan kompaniyaga yetkazib berish loyihasi edi. Bu loyihamiz muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shundan keyin ikkinchi loyiha bo‘yicha rejalarni taqdim qildik. Hozirda yangi loyiha ustida ish olib boryapmiz.
Biznes kurslari orasida men uchun eng qiziqarli yo‘nalish buxgalteriya (Accounting) bo‘lib, universitet qoshidagi “Accounting Student Association”ga a’zo bo‘ldim. Mazkur assotsiatsiyaga a’zo bo‘lish biz talabalarga AQSH dagi yirik kompaniya vakillari bilan uchrashuvlarda ishtirok etish, o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan ularga murojaat qilish, ular bilan suhbat jarayonlarini tashkil qilish imkonini beradi.
Yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. Amerikada faoliyat yuritayotgan kompaniyalarda universitet talabalari uchun turli xil amaliyotlar tashkil etiladi. Ammo bu kabi kompaniyalarda amaliyot o‘tash katta mehnatni talab qiladi. Kompaniyalar amaliyot o‘tash istagida bo‘lgan minglab talabalar orasidan sinovlardan yaxshi o‘ta olgan talabanigina qabul qiladi. O‘tgan 2023 yilning noyabr oyida o‘tkazilgan tanlovda Arizona shtatida joylashgan, energetika yo‘nalishadagi eng katta “Arizona Public Services” kompaniyasida qisqa muddatli amaliyot o‘tadim. Shuningdek, 2023 yil dekabr oyida “Texas Instruments” kompaniyasining bosh ofisida soham bo‘yicha tajriba almashish imkoni paydo bo‘ldi. Mazkur kompaniya dunyoda Top-10 talikda turuvchi, texnikalar, avtomobillar va yana bir qator qurollar uchun analog chiplar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya hisoblanadi. Demak, bu amaliyot menga yangi yo‘nalishlarni ochishi tabiiy edi. Texas shtatining Dallas shahriga yo‘l olishdan oldin universitetdagi o‘qituvchilardan kompaniya faoliyati haqida yetarli ma’lumotlarni o‘rganib chiqdim.
Yaqindagina dunyoda “Big Four” deb ataluvchi 4 ta yirik buxgalteriya yo‘nalishidagi kompaniyalardan biri “Deloitte” kompaniyasining “Financial Advisor” (Moliyaviy maslahatchi) dasturi ishtirokchisi bo‘ldim. “Deloitte” kompaniyasining 90 ga yaqin davlatda ofislari mavjud. Bu dastur 6 oy davom etadi.
Bilasizmi, bolaligim baxtli tasavvurlarga juda boy. Men haqiqiy ibratni, eng avvalo o‘z oilamdan olganman. Ota-онамиз uchun farzandlarining qiziqishlari, kelgusidagi rejalari har doim muhim bo‘lgan. Ular har bir qarorimizni qo‘llab-quvvatlashgan. Otam hamrohligida mamlakatning eng chiroyli go‘shalarida sayohat qilganman. Onam esa xorij tilini o‘rganishimizni nazorat qilar edi. Tengdoshlarimning aksariyati xorijda o‘qib, tahsil olmoqda. Ularning ko‘pchiligi katta yutuqlarga erishib ulgurdi.
Ilm – hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik. Davlatimiz rahbari biz yoshlarga qarata “...sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan, Yangi O‘zbekistonning hamda Uchinchi Renessansning bunyodkorlarisiz”, deya ta’kidladi. O‘zimizga bildirilgan bunday katta ishonchni oqlash uchun hali ko‘p izlanishimiz kerak. Zero, o‘rganayotgan har bir bilimimiz O‘zbekistonning porloq kelajagi uchun xizmat qilishi kerak.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA