Ilm-fan sohasi – taraqqiyot garovi
Ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, yoshlar o‘rtasida ilmiy va startap g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, tayyor mahsulot va xizmatlarni namoyish etishga alohida e’tibor qaratish, ta’limning barcha bosqichida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar bugun har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.
Ortda qolgan 2023 yilda Qo‘qon davlat pedagogika institutida ham ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash, iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish hamda innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish yo‘nalishlarida qator yutuqlar qayd etildi.
Ayni paytga kelib institutda faoliyat olib borayotgan 611 nafar professor-o‘qituvchilarning 13 nafari fan doktori, 192 nafari fan nomzodi, 21 nafari ilmiy darajasiz dotsentlar hisoblanadi. Institutda 3 ta ixtisoslik bo‘yicha 2 ta kengash mavjud. Bundan tashqari qator ixtisosliklar va chet tili fanlaridan har chorakda malakaviy imtihonlar o‘tkazib kelinmoqda. Hozirda ilm-fan va izlanish yo‘lini tanlagan 118 nafar tayanch doktorant, 4 nafar doktorant, 5 nafar mustaqil tadqiqotchi, 4 nafar stajyor-tadqiqotchi ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Yil davomida professor-o‘qituvchilar tomonidan umumiy qiymati 1 mlrd. 634 mln. so‘m bo‘lgan 2 ta amaliy hamda 1 ta tijoriy loyiha muvaffaqiyatli bajarildi. 80 ta shartnoma tuzilib, bu orqali innovatsion jamg‘arma hisobiga 588 mln. so‘m mablag‘ jalb etildi. Professor-o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan startap tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan loyihalar 55 mln. so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oktyabr oyida o‘tkazilgan “InnoWeek.Uz-2023” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Qo‘qon davlat pedagogika instituti Farg‘ona viloyatidan ishtirok etgan “Eng faol oliy ta’lim muassasasi” sifatida, dotsent Feruza Teshaboyevaning “Imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida shaxmat sport turini ommalashtirish” loyihasi “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” sifatida e’tirof etildi.
Qo‘qon davlat pedagogika institutida ilm-fan sohasidagi innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etishga qaratilayotgan e’tibor kelajakda, albatta, o‘z samarasini beradi.
Nurbek Jo‘rayev,
Qo‘qon davlat pedagogika instituti prorektori.