Mutaxassis munosabati

Internet va ijtimoiy tarmoqlar inson hayotining ajralmas qismiga aylanib, bilim olish, muloqot qilish va o‘zini namoyon etish uchun beqiyos imkoniyatlar yaratdi. Shu bilan birga, qaramlik va ijtimoiy tarmoqlarning millat tarjimai holiga aylanib qolishi haqidagi xavotirlarni ham kuchaytirmoqda.
Tarmoqlarda ma’lumot oqimi juda tez va ko‘p. Milliyligimizdan yiroq g‘oyalar, begona urf-odatlar, mentalitetimizga mutlaqo nomunosib madaniyatlarni yoshlarimiz g‘oyasiga singdirish maqsadida juda faol targ‘ib qilinadigan ommaviy madaniyat haqidagi, millatchilik va mahalliychilik ruhidagi, axloqsizlik, fahsh, buzuqlikni targ‘ib qiluvchi, ma’lumotlar makonida to‘g‘ri axborotni shakllantirish zarurati kun tartibidagi dolzarb masalaga aylandi.
Bunday muammolarni bartaraf etish maqsadida filtrlarni qo‘llash va internetdan foydalanishni cheklash doim ham ko‘zlangan maqsadga olib kelmaydi. Bu borada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihat, avvalo, axborot tarqatishga mo‘ljallangan saytlar faoliyatini takomillashtirish, milliy elektron axborot resurslarni boyitish va milliy ijtimoiy tarmoqlar, sifatli milliy kontentlarni rivojlantirish zarur.
Hozir ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy, badiiy, sport, harbiy-vatanparvarlik va boshqa yo‘nalishlarda milliy axborot resurslarini rivojlantirish asosiy talabga aylangan. Chunki axborot ummonida asosiy ob’ekt inson ongidir. Agar fuqarolarning axborot ehtiyoji qondirilmasa, u boshqa manba qidiradi va natijada axborot oluvchi internetning salbiy axborotlar ummoniga kirib qolishi shubhasiz.
Ijtimoiy tarmoqlardagi virtual muloqotlar haqiqiy hayotdagi muloqotlarni susaytirishi, insonlar o‘rtasidagi aloqalarni zaiflashtirishga olib keladi. Aholi ongida internet va ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ilm-ma’rifat va ziyo tarqatishning muhim vositalaridan biri sifatida qarashni shakllantirish lozim.
Xususan, milliy madaniyatning internetdagi targ‘ibotini kuchaytirib, milliy kino, musiqa, adabiyot va san’at asarlari, xalqimizning buyuk tarixiy siymolari haqidagi ma’lumotlarni internetda tarqatish, yoshlarni milliy madaniyat bilan uyg‘unlashtirish zarur. Ta’lim tizimini internet texnologiyalari bilan integratsiyalash, o‘qish jarayonini zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish, yoshlarni internet resurslaridan foydalanish madaniyatiga o‘rgatish juda muhim.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham o‘zining 2025-2029 saylovoldi dasturida ma’naviy yuksalish jarayonida “Tarix – kelajak uchun mayoq!” tamoyili dasturilamal bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi. Ushbu jarayonda davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasidan kelib chiqib ish ko‘rish, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanish partiyamiz siyosatining asosini tashkil etadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda internet foydalanuvchilarining soni 24 millionga yetdi. Ularning 85 foizidan ortig‘i ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Bugungi kundagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari juda katta auditoriyani tashkil etadi. Biz mana shu ulkan auditoriyani milliy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimizga tayangan holda ishlab chiqilgan axborot olami mahsulotlari bilan muhofaza qilishimiz lozim.
Shahlo Ko‘chimova,
Xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashi deputati,
O‘zA