Amir Temur saltanati poytaxti ispan elchisi Ryui Gonzales De Klavixo nigohida
Amir Temurning hayoti va faoliyati, u qurgan ulkan saltanat haqida ko‘plab yozma manbalarda so‘z yuritiladi. Ularni shartli ravishda ikki katta guruhga: Sharq va G‘arb manbalariga ajratish mumkin.
Sharq mualliflari odatda Sohibqironning kelib chiqishi, siyosiy kurashlari, harbiy yurishlari, davlat boshqaruvi va saltanat tuzilishi haqida batafsilroq ma’lumot beradi.
G‘arb manbalari esa, ayniqsa, Amir Temur saroyiga kelgan elchilar, sayohatchilar va bevosita kuzatuvchilarning qaydlaridan iborat. Shu bois Amir Temur shaxsiyati va uning davrini to‘laqonli tushunish uchun har ikki guruh manbalariga murojaat qilish lozim.
Sharq manbalari orasida, avvalo, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari alohida o‘rin tutadi. Bu asar Amir Temur haqidagi dastlabki va muhim yozma manba hisoblanadi. Nizomiddin Shomiy saroy muhitiga yaqin bo‘lgan va voqealarni bevosita guvohlardan yozib olgan. Asarda Temurning siyosiy maydonga kirib kelishi, hokimiyat uchun kurashi, harbiy yurishlari va ulkan saltanat qurganligi yoritiladi. Biroq saroy yilnomasi sifatida bu asarda Amir Temur shaxsini ulug‘lash ruhiyati kuchliroq.
Amir Temur haqidagi yana bir muhim manba Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asaridiр. Bu asar Sohibqiron vafotidan keyin yozilgan bo‘lib, Amir Temur hayoti va faoliyatining yanada puxta ishlangan va boyitilgan talqinini beradi. Muallif Nizomiddin Shomiy ma’lumotlari, temuriylar saroyiga yaqin shaxslarning og‘zaki hikoyalariga tayangan. Shu bois Yazdiy asari Amir Temur haqidagi eng mashhur va keng tarqalgan manbalardan biriga aylangan. Unda harbiy yurishlar, diplomatik munosabatlar, saroy hayoti kengroq tasvirlangan. Ayni paytda, bu manbada ham Amir Temur va temuriylar sulolasini ulug‘lashga moyillik sezilib turadi.

Sharq manbalari ichida Ibn Arabshoh asari alohida e’tiborga loyiq. U saroy tarixchilaridan farqli ravishda Amir Temurga nisbatan ancha tanqidiy va salbiy munosabatda bo‘lgan. Uning qarashlari Sohibqiron yurishlaridan aziyat chekkan shaxs qarashlari edi. Chunki Ibn Arabshoh oilasi bilan birga Amir Temurning Shom yurishidan keyin Samarqandga ko‘chirilgan edi. Shu sababli Ibn Arabshoh Amir Temurni qattiqqo‘l istilochi sifatida tasvirlaydi. Garchi asarni yozishda Ibn Arabshoh hissiyotlarga ortiqcha berilgan bo‘lsa ham, uning asarini saroy tarixchilari asarlariga solishtirish orqali tarixga xolis boqish mumkin.
G‘arb manbalari orasida esa, avvalo, Kastiliya elchisi Ryui Gonsales de Klavixoning kundaliklari alohida ahamiyatga ega. Bu manbaning ahamiyati shundaki, Klavixo Samarqandga kelgan, Amir Temur saroyi muhitini ko‘rgan va o‘z taassurotlarini aniq qayd etgan. U poytaxt Samarqand, saroy marosimlari, xorijiy elchilarni qabul qilish tartibi, me’moriy obidalar va Amir Temurning so‘nggi yillari haqida nihoyatda muhim ma’lumotlar beradi. Klavixo asarining o‘ziga xosligi undagi ma’lumotlarning bevosita kuzatuvga asoslangani va nisbatan betaraf yozilganidadir.
G‘arb mualliflari orasida Iogann Шилтбергерning “Esdaliklari” ham alohida ahamiyatga ega. Salib yurishlarida qatnashib avval Usmonli turklarga, Anqara jangidan keyin esa temuriylarga asir tushgan muallif ma’lum muddat Amir Temurning o‘g‘illari Shohruh va Mironshoh Mirzolar saroyiga yaqin muhitda yashagan hamda o‘z davrining harbiy-siyosiy hayoti haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan. Uning ma’lumotlari Klavixonikidek batafsil bo‘lmasa-da, Amir Temur shaxsiyati va uning harbiy qudrati haqidagi yevropalikning tasavvurlarini boyitgan.

Ko‘rib chiqilgan asarlar orasida Ryui Gonsales de Klavixo asari, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Chunki muallif Amir Temur davridagi Samarqandning tashqi qiyofasi, saroy marosimlari, davlat tartibi, shaharsozlik, savdo, shahar atrofidagi bog‘lar va me’moriy yodgorliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib tasvirlaydi.
Amir Temur davridagi Samarqand haqida ko‘p yozilgan. Ammo poytaxtning naqadar ulkan, gavjum, boy va tartibli bo‘lganini ko‘rsatib beradigan eng qimmatli manba shubhasiz Kastiliya qiroli Genrix III elchisi Ryui Gonsales de Klavixo kundaliklaridir. U uzoq va mashaqqatli safardan so‘ng Amir Temur saroyiga yetib kelgan va ko‘rgan-kechirganlarini batafsil qayd etgan. Shu bois Klavixo bergan ma’lumotlar bugun ham Amir Temur davridagi Samarqand qiyofasini tiklashda noyob manba bo‘lib xizmat qiladi.
Klavixo elchiligi Amir Temur huzuridagi elchiliklar ichida eng mashhurlaridan biridir. Elchilar Ispaniyadan 1403-yilda yo‘lga chiqib, 1404-yil 31-avgustda Samarqandga keladi va 1404-yil 21-noyabrda orqaga qaytadilar. Shu qisqa vaqt ichida elchi Amir Temur saroyining tantanalari, davlat boshqaruvi, yo‘l tizimi, savdo, bog‘lar, saroylar va poytaxt hayoti haqida ham muhim ma’lumotlar to‘plagan.
Klavixo Samarqandni yashillikka burkangan shahar sifatida tasvirlaydi. Uning yozishicha, shahar atrofi to‘liq bog‘lar, uzumzorlar, polizlar va mevali daraxtlar bilan qoplangan edi. Samarqandga yaqinlashar ekan, sayyoh ko‘z o‘ngida birinchi navbatda qalin yashillik gavdalanadi. Go‘yo shahar oddiy devorlar ichida emas, balki bog‘lar ichida yashayotgandek taassurot uyg‘otadi. Ko‘chalari, maydonlari, suv inshootlari ham ana shu yam-yashil manzara bilan uyg‘unlashib ketgan.
Klavixo Samarqandning o‘zidan ham ko‘ra uning atrofidagi bog‘lar va qasrlar tizimiga alohida e’tibor beradi. Amir Temur yilning ma’lum fasllarida ana shu bog‘ saroylarda istiqomat qilgan. Elchi, ayniqsa, bu bog‘larning tartibi, yo‘laklari, hovuzlari, sug‘orish tizimi va hashamatli binolariga qoyil qoladi.
Klavixo ma’lumotlari ichida eng muhimi Amir Temur davlatidagi yo‘l va pochta tizimi haqidagi ma’lumotlardir. Klavixo yo‘l bo‘ylab ma’lum masofalarda maxsus bekatlar tashkil etilgani, ularda safar qiluvchilar uchun otlar, oziq-ovqat va xizmatkorlar tayyor turishini yozadi. Ayniqsa, hukmdor elchilari yoki davlat topshirig‘i bilan yo‘lga chiqqan kishilar favqulodda tezlik bilan harakatlana olgan. Bu markaziy hokimiyatning kuchliligi, ulkan hududni bir markazdan boshqarish uchun muntazam aloqa zarur bo‘lganini ko‘rsatadi. Klavixoning yozishicha, Temur davlatida tezkorlik va intizom alohida qadrlangan.
Samarqandga olib kelingan aholi va ustalar masalasi ham Klavixo e’tiboridan chetda qolmaydi. U Amir Temur zabt etgan mamlakatlardan ko‘plab hunarmandlar, me’morlar, zargarlar, to‘quvchilar, qurolsozlar va boshqa ustalarni Samarqandga ko‘chirib kelganini yozadi. Natijada shaharda turli o‘lkalarning tajribasi, san’ati va hunari jam bo‘lgan. Klavixo hatto Samarqandda deyarli har qanday kasb egasini uchratish mumkinligini ta’kidlaydi. Bu Amir Temur poytaxtining jahon miqyosidagi yirik hunarmandchilik va ishlab chiqarish markaziga aylanganidan dalolat beradi.
Klavixoning Samarqand haqidagi muhim ma’lumotlaridan biri – bu yerdagi savdoning gavjumligi bilan bog‘liq. U Samarqandga Xitoydan nozik ipak va atlaslar, Hindistondan ziravorlar, turli mamlakatlardan qimmatbaho toshlar, charm, matolar va boshqa noyob buyumlar keltirilganini yozadi. Shahar bozorlarida savdo qizg‘in kechgan, mahsulotlar ko‘pligi va narxlarning arzonligi elchini hayratga solgan. Samarqand bu paytda Sharq va G‘arbni bog‘lab turgan ulkan xalqaro savdo markazi bo‘lgan.
Amir Temurning shaharsozlik siyosati haqida ham Klavixo juda qimmatli ma’lumot beradi. Uning yozishicha, Sohibqiron Samarqandda savdo uchun qulaylik yaratish maqsadida shahar bo‘ylab katta ko‘cha va savdo yo‘lagi qurdirgan. Zarur hollarda qurilish uchun aholi boshqa hududga ko‘chirilgan, ish kechayu kunduz davom etgan. Bu jarayondan Amir Temurning poytaxtni ulkan savdo markaziga aylantirish yo‘lidagi qat’iyati sezilib turadi.
Klavixo qaydlarida Kesh, bugungi Shahrisabz ham muhim o‘rin tutadi. U Amir Temurning bu shaharga alohida mehr qo‘yganini, shahar uning bolalik xotiralari bilan bog‘liqligini yozadi. Oqsaroyni nihoyatda ulug‘vor deb ta’riflaydi. Biroq Amir Temur saltanatining asosiy siyosiy va ramziy markazi baribir Samarqand edi. Elchi qaydlaridan Sohibqironning butun sa’y-harakati bu shaharni dunyoning eng go‘zal va qudratli poytaxtlaridan biriga aylantirishga qaratilgani yaqqol seziladi.
Klavixo kundaliklarida Amir Temur davridagi bunyodkorlik ishlari keng aks ettirilgan. U Amir Temur bunyod ettirgan masjidlar, maqbaralar va saroylar haqida yozadi. Ayniqsa hashamat, oltin, lojuvard, sirli bezaklar, marmar, koshin va nozik ishlov berilgan naqshlarni ko‘p tilga oladi. Elchining keltirishicha, ba’zi binolar hali qurilish jarayonida bo‘lgan. Amir Temur kasal bo‘lib qolgan paytlarida ham qurilish ishlarini nazorat qilgan, ishlovchilarga goh rag‘bat, goh qat’iy buyruq berib turgan. Bu Sohibqiron xarakterining yana bir jihatini, qurilish va obodonchilikka nisbatan favqulodda talabchanligini ko‘rsatadi.
Samarqandning ichki hayoti ham Klavixo e’tiboridan chetda qolmagan. U shahar ko‘chalarida kecha-kunduz savdo-sotiq davom etgani, odamlar gavjumligi, boylarning uylari, xazinaxonalar, ustaxonalar borligini qayd etadi. Ark va xazinaga kirish qat’iy tartib asosida bo‘lgan.
Amir Temur saroyidagi qabul marosimlari Klavixo kundaliklarining eng muhim qismlaridan biridir. Elchilar hukmdor huzuriga darhol kiritilmagan, avval maxsus bog‘-saroylarda kutib turilgan. So‘ng belgilangan kunda ular tantanali marosim bilan Amir Temur huzuriga olib kirilgan. Klavixo Temurning o‘tirish uslubi, libosi, bosh kiyimi, yonidagi amirlari, nevaralari va saroy marosimlarini mayda tafsilotlarigacha yozadi. Bu qaydlardan Amir Temur saroyida ramziy tartib va marosim nihoyatda muhim bo‘lganini bilish mumkin. Har bir odamning joyi, yurishi, ta’zim tartibi va sovg‘a topshirish qoidasi aniq belgilangan.
Klavixo Amir Temurning o‘zini ham qiziqarli tarzda tasvirlaydi. Uning yozishicha, Sohibqiron bu vaqtda ancha qarib qolgan, ko‘rishi ham avvalgidek emas edi. Shunga qaramay, u hamon dadil, elchilar bilan suhbatlashgan, davlat ishlarini boshqargan, qurilishlarni kuzatgan, qabul marosimlarini o‘tkazgan. Elchi Amir Temurning so‘zlari va savollaridan uning uzoq o‘lkalar, hukmdorlar va davlatlar bilan aloqaga katta ahamiyat berganini sezadi.
Samarqandda Klavixo guvoh bo‘lgan eng katta voqealardan biri hukmdor xonadonidagi to‘ylar va байрамларdiр. Bu tantanalar shahar va uning atrofidagi bog‘larda, ko‘chma saroylar va son-sanoqsiz chodirlar orasida o‘tkazilgan. Elchi o‘n minglab chodirlar tikilgani, ular ko‘cha-ko‘cha bo‘lib joylashtirilgani, hunarmandlar va savdogarlar alohida-alohida joylashtirilganini hayrat bilan yozadi. U bu manzarani deyarli alohida shahar paydo bo‘lgandek tasvirlaydi. Rang-barang matolar, ustunli ayvonlar, oltin va kumush bilan bezatilgan buyumlar, katta tantanalar, bularning barchasi Amir Temur saltanati qudratini ko‘rsatish vositasi bo‘lgan.
Klavixo qaydlarida saroy ayollari, ayniqsa, Saroymulkxonimning tantanali chiqishi ham tasvirlanadi. Bu marosimlar ham nihoyatda dabdabali bo‘lgan. Qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan kiyimlar, baland bosh kiyim, oltin va kumush bezaklar, ko‘plab xizmatkorlar va qat’iy saroy odobi Amir Temur saroyining ichki tartibini ham namoyon etadi.
Elchining yana bir muhim qaydlari Amir Temur davridagi boshqaruv tizimi haqidadir. Klavixo Amir Temur davlatida har kim o‘z vazifasini aniq bilishini, buyruqlar tez yozilib, tasdiqlanib, ijro etilishini yozadi. U davlat muhrlari, yozishmalar, xazinaga oid ishlar, amirlar va noiblar faoliyati haqida qisqa bo‘lsa-da, muhim xulosalar beradi. Bu kuzatuvlar Amir Temur saltanatining qudrati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan boshqaruv, aloqa va nazorat tizimiga ham tayanganligini ko‘rsatadi.
Klavixoning qayd etishicha, Samarqanddagi boylik va hashamat Amir Temurning harbiy yutuqlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Turli mamlakatlardan sovg‘alar, noyob hayvonlar, matolar, qimmatbaho toshlar va boyliklar keltirilishi Sohibqironning xalqaro nufuzi naqadar baland bo‘lganidan dalolat beradi. Elchi Misr, Xitoy, Hindiston, Suriya, Eron, Rus va boshqa tomonlardan kelgan vakil va sovg‘a-salomlarni eslaydi. Bu Samarqandning Amir Temur zamonida jahon diplomatiyasi markazlaridan biriga aylanganini bildiradi.
Ayni paytda Klavixo qaydlaridan saltanatning dabdabasi ortida yashiringan taranglik ham seziladi. Saroy marosimlari ulug‘vor bo‘lsa-da buyruq va intizom juda qattiq bo‘lgan. Amir Temur kasal bo‘lib qolgan paytlarda ham uning ahvoli oshkor etilmasligi, ayrim ma’lumotlar sir tutilishi va xazinani saqlash masalalari qanchalik muhim bo‘lganini ko‘rsatadi. Klavixo qaydlarida bu ma’lumotlar ehtiyotkorlik bilan aks ettiriladi.
Ryui Gonsales de Klavixo kundaliklari Amir Temur davridagi Samarqandni jonli holda ko‘rsatadi. Bu manbada Samarqand qudrat, boylik, tartib, me’morchilik, savdo va xalqaro markaz sifatida namoyon bo‘ladi.
Klavixo bizga Sohibqiron poytaxtining real, ko‘z bilan ko‘rilgan, tafsilotlari aniq qayd etilgan manzarasini qoldirgan. Bu manzara bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: Amir Temur davrida Samarqand Sharqning eng buyuk siyosiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan.
Mahmudxon Yunusov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
muzeyshunos.
O‘zA