Maktabda innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda
Taraqqiyot yo‘lida qo‘yilgan qadamning har biri muhim. Ayniqsa, yoshlar o‘quvchilik kezlaridanoq yangilik va innovatsion g‘oyaga intilib yashasa, nur ustiga nur.
Poytaxtimizdagi 26-sonli maktabda ham ana shunday izlanuvchan o‘quvchilar tahsil olib kelmoqda. Xususan, ular tomonidan ishlab chiqilgan ekologik loyiha mas’ullar e’tiborini ham tortmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O.Rahimov, M.Xo‘jayeva, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati S.Fayziyeva hamda partiyaning Toshkent shahar Kengashi vakillari 26-sonli maktabda tashkil etilgan innovatsion loyiha bilan tanishdi.
Mazkur maktabda yomg‘ir suvlarini yig‘ish va undan unumli foydalanish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda yog‘in suvlari maxsus idishlarda to‘planib, undan filtrga yuboriladi, so‘ngra maktab hududidagi issiqxonada ekilgan o‘simliklarni sug‘orish uchun ishlatiladi.

Issiqxonada turli xil o‘simliklar ekilgan bo‘lib, bunda o‘quvchi yoshlarning ekologik bilimlari amaliy darslar orqali yanada oshiriladi.
Ta’lim jarayonlari tabiat bilan uyg‘un holda tashkil etilgani, ushbu loyihani boshqa ta’lim maskanlarida ham joriy etish mumkinligi deputatlar tomonidan ta’kidlab o‘tildi.

Qayd etish lozimki, kichik g‘oyalar ulkan natijalarga zamin yaratadi. Shu ma’noda ushbu loyiha ham mamlakatimiz yoshlarining salohiyatidan dalolat desak, yanglishmaymiz.
Sherbek Islomov, O‘zA