Ibn Sino – Buyuk Turon farzandi!
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bir ovozdan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunni ma’qulladi.
Bu nima degani edi?
Bu – qariyb chorak asrdan buyon mog‘orlab yotgan muzning batamom erib bitganiga ishora emasmidi?!

Holbuki, bizni shu paytgacha mayda-chuyda masalalar – ilm va ma’rifatdan ko‘ra, johillikning og‘ir toshi – kibr so‘ndirib keldi. Sovet davrining manfur siyosatini hali-hamon hayotimizdan chiqarib tashlay olmaganimiz esa oldinga yurishimizga izn bermadi.
Afsuski, ko‘kayimizga yopishgan bu kibr hamon so‘nmagan ekan, jaholatning toshlari qalblarimizdan butkul tushib ketmagan ekan...
Kuni kecha Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyonning Abu Ali Ibn Sino kim ekanini chuqur o‘rganish va CNN e’lon qilgan maqolada Ibn Sinoni o‘zbek millatiga mansub deyilganiga norozilik bildirib qilgan bayonoti odamni chuqur o‘yga toldirib qo‘ydi.
Shu asnoda yodimga 2019 yilda – ikki davlat o‘rtasidagi “muzlar eriyotgan” vaqtda bir guruh hamkasblarimiz bilan Tojikistonga borganimiz tushdi. Bilasizmi, bizni qanday kutib olishgan? Biz uzoq yillik ayriliqdan keyin ko‘rishgan aka-ukalarga o‘xshar edik.
O‘shanda 500 gektar toshloq joyda uzumzor barpo qilgan, asli oltiariqlik otaxon (Prezidentimiz bu otaxonga avtomobil sovg‘a qilgan edilar) “bu xalqning biz o‘zbeklarga bo‘lgan cho‘ng samimiyati tufayligina shu yerlarda umrimiz o‘tdi” degan gaplari bizni g‘oyat mutaassir etgandi.
Mana shu gaplarni so‘ylay turib to‘qsonni qoralab qolgan otaxon rosmana yig‘lagandi... Tasavvur qiling, garchi bu quvonch, minnatdorlik, shukronalik ko‘z yoshlari bo‘lsa-da, nuroniy boboning bu holati bizning qalbimizda ham oqibatni jo‘shdirgandi. Biz Tojikiston zaminida O‘zbekistonga bo‘lgan beqiyos mehrni his qilgandik.
Keyingi yillarda o‘rtadagi do‘stlik rishtalari mustahkamlagan, bordi-keldimiz yana joyiga tushgan, ming yillar davomida yonma-yon yashagan xalqlar yana qadrdon birodarga aylanayotgan bir pallada, bir muddat o‘rtaga sovuqlik solgan muzlar erigan bir paytda “bu meniki, u seniki” qabilidagi qarashlar ortiqcha gap-so‘z, nazarimda.
Endi gapning asl maqsadiga kelsak. Haqiqat shuki, Abu Ali Ibn Sino Buyuk Turon farzandi. U o‘sha davr yetishtirgan alloma, Birinchi Renessans olimi. U shu zaminda tug‘ilgan, shu zaminda voyaga yetgan. Uni o‘zbek yoki tojik, deb urg‘ulash xato. Har qanday shu zaminda tug‘ilib yetishgan allomalarimizning ayni maqomga erishishida shu zaminda umrguzaronlik qilgan barcha millatlarning ham haqi, hissasi bor. Bu ulug‘ bobolar – hammamizniki!
Bugun Buyuk Turon hududida beshta mamlakatmiz. Bundan besh yo olti asr muqaddam bunday bo‘linuv kimning tushiga kirgan edi, deysiz! Qachon tushunamiz: mintaqaga, uning xalqlariga hamjihatlik kerakligini.
Keyin yana bir jiddiy gap shundan iboratki, muhtaram ziyolilarimiz tarixni yaxshilab va birgalikda tahlil qilishlari kerak. Shunda, o‘ylaymanki, qaysi boboning nevarasi kim, degan gap-so‘zlarga aslo o‘rin qolmaydi. Zotan, barchamiz bir zaminning farzandlarimiz. Madaniyatimiz bir, ma’rifatimiz bir, tariximiz bir. Biz ming yillardirki, bir daryodan suv ichib, bir tishlam nonni birga baham ko‘rib, bir tan, bir jon bo‘lib yashaymiz. To‘yimiz ham, azamiz ham bir bo‘lgan. Istiqbolimiz – kelajagimiz ham bir, hech ham ayro emas. Bizning tilimiz o‘zgacha bo‘lishi mumkin, ammo dilimiz esa birdir.
Shu sabab, bunday tor fikrlarni tumandek tarqatish zarur. Bunday adovatga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday tushunchaga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz darkor. Zarur bo‘lsa, maktab darsliklaridanoq farzandlarimizga bizning o‘tmishimiz ham, istiqbolimiz ham bir ekanini uqtirishimiz kerak.
Tarixga munosabatni esa bobolarimizning qay millatga daxldor ekani bilan emas, balki ularning ulkan ilmiy merosiga munosib vorislar bo‘lish nuqtai nazaridan bildirishimiz zarur, deb o‘ylayman.
Shukrki, bir insonning gapi bilan dunyo o‘zgarib qolmaydi. Xalqlarimiz bu kabi fikrlarni ko‘p eshitgan, ammo parvo qilmagan. Buni shu kecha kunduzda ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlarda ham yaqqol ko‘rib turibmiz.
Shukrki, davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanib bormoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ma’qullagan qonun ham ikki xalqning uzoq yillik kutgan orzu-istaklarini o‘zida namoyon etdi. Bu qonundan har ikki xalq birdek manfaat topishi, shubhasiz.
Husan ERMATOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi