Tabiiy gaz iste’molchilari necha yildirki to‘lovlarni masofadan turgan holda to‘lab kelmoqda. Chunki qo‘yilgan “aqlli” hisoblagichlar sabab bugun turli muammolarning oldi olinmoqda. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, ba’zi iste’molchilarning e’tiborsizliklari sabab murojaatlar soni kamaygani yo‘q.
Odatda, gaz to‘lovini amalga oshirish haqida har bir fuqaroning telefon raqamiga xabar yuboriladi. Ba’zi iste’molchilar ayni mana shu xabarga e’tiborsizlik bilan qaraydi. Natijada hisoblagich o‘chib, tabiiy gaz ta’minoti to‘xtatiladi.
Shu kabi muammolarga amaliy yechim topishda gaz ta’minoti filialining “1104-Call markaz” operatorlari ko‘maklashmoqda. Kunlik mehnat faoliyati davomida har bir xodim o‘rtacha 100 ga yaqin murojaatni qabul qilmoqda. 24/7 ish rejimida iste’molchilar bilan qilingan suhbat davomida hisoblagichdan to‘g‘ri foydalanish qoidalari, uni qayta aloqaga chiqarish yo‘llari hamda to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish lozimligi aytilmoqda.
– Murojaat asosan o‘chib qolgan hisoblagichlarni qayta aloqaga chiqarish to‘g‘risida bo‘lib, ularni tezkorlik bilan hal etishga harakat qilamiz, – deydi operator Dilfuza Komilova. – Bu kabi holatlar shubhasiz, iste’molchilarning e’tiborsizligi sabab kelib chiqmoqda. Agar aholi to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirsa va iste’mol madaniyatiga rioya qilsa, murojaatlar kamayadi.
[gallery-20841]
Albatta, ba’zi muammolar gaz ballonlari, tabiiy gaz bosimi hamda tariflar haqida bo‘lib, ular soha mutaxassislariga yo‘naltiriladi, shubhasiz, markaz operatorlari ko‘magida. Ta’minotni o‘z vaqtida yetkazib berish, aholi farovonligini ta’minlash asosiy maqsad ekan, bugun “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan ana shu maqsad yo‘lida 24 soat davomida ish faoliyatini olib bormoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari.