Hosilning 70 foizi faqat mashinalarda terib olindi
Paxtachilik sohasida o‘ziga xos maktab yaratib, zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilgani bois Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida yuqori hosidorlikka erishilib, yillik shartnoma rejasi bajarildi.
Tajribali fermerlarning ko‘p yillik ish tajribasi o‘z natijasini tezda ko‘rsatdi. Joriy yilda 151 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 4850 gektar maydonga chigit ekilib, 25 ming 150 tonnadan oshiq paxta qabul qilish punktlariga topshirildi. Yetishtirilgan hosilning 70 foizidan oshig‘i terim mashinalarida yig‘ib olindi.

Paxta yig‘im-terimiga 20 ta zamonaviy paxta terish mashinasi jalb etildi. Terim jarayonlarining uyushqoqlik bilan tashkil etilgani sabab hosil qisqa muddatlarda terib olindi. 1-, 3-, 6-, 10-, 13-terim otryadlariga biriktirilgan mashinalarning har biri bilan mo‘ljaldagidan ortiq paxta terildi.

"Liberal invest", "Mezon", "Agro Gigant", "Usta Yo‘ldosh", "Far. Zulfiqor", "Gullolaposhsho Dilmurodovna", "Dehqonboy ota" kabi fermer xo‘jaliklarida hosildorlik 55-75 sentnerni tashkil etdi.
Turob Niyozov, O‘zA