Hosil qisqa muddatlarda, talafotsiz yig‘ib olinmoqda
Jizzax viloyatining g‘allazorlarida ayni pallada eng mas’uliyatli mavsum — o‘rim-yig‘im qizg‘in pallaga kirgan. Sharof Rashidov tumanida esa har bir daqiqa qadrli: zamonaviy texnika, tajribali mexanizatorlar va fermerlarning fidokorona mehnati tufayli g‘alla qisqa muddatlarda, talafotsiz yig‘ib olinmoqda.

Tuman g‘allakorlari o‘tgan kuz mavsumida 9 ming 300 gektar sug‘oriladigan maydonga don ekib, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va talab darajasida amalga oshirdi. Bugun ana shu mehnatning samarasi ko‘zga yaqqol tashlanmoqda.
Tumanda faoliyat yuritayotgan 219 ta g‘allachilik fermer xo‘jaligida o‘rim-yig‘im ishlarini tezkor va samarali tashkil etish maqsadida 22 ta maxsus o‘rim-yig‘im otryadi shakllantirildi. Hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish uchun 41 ta yuqori unumli kombayn jalb qilingan bo‘lib, ularning asosiy qismini zamonaviy “Case” va “Class” rusumidagi texnikalar tashkil etadi. Shuningdek, “New Holland”, “John Deere” hamda boshqa turdagi qudratli kombaynlar ham mavsumning qizg‘in pallasida samarali xizmat qilmoqda.

O‘rib-yanchilgan donni qabul punktlariga tezkor va nes-nobud qilmasdan yetkazib berish uchun 196 ta yuk avtomobili hamda 168 ta tirkamali traktor ishga safarbar etilgan. Dala sharoitida texnikalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida 11 ta ko‘chma ustaxona va 11 ta yonilg‘i tashish vositasi ham xizmat ko‘rsatmoqda.
Mavsum davomida zamonaviy raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan ham keng foydalanilmoqda. Xususan, kombayn va boshqa texnikalar harakati GPS kuzatuv tizimlari hamda videokuzatuv vositalari orqali muntazam nazorat qilinib, o‘rim jarayonlarining shaffofligi va samaradorligi ta’minlanmoqda.

Dalalarda mehnat qilayotgan mexanizatorlar, muhandis-texniklar va soha mutaxassislari oldida turgan asosiy vazifa — hosilni talafotsiz yig‘ib olishdir. Shu bois don sifati, texnikalarning ish unumdorligi va belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etilishi doimiy e’tibor markazida turibdi.
Joriy yilgi don hosili mo‘l bo‘ldi, tuman mutaxassislarining ta’kidlashicha, har gektardan 90-95 sentnerdan hosil olinayotgan ekan. Bu hech shubhasiz, fermerlarning tinimsiz mehnati samarasidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri