Hosildan zaxiragacha: agrar sohadagi muhim vazifalar muhokama qilindi
Qishloq xo‘jaligida hosilni yig‘ib olish bilan ish yakuniga yetmaydi. Uni sifatli saqlash, oziq-ovqat zaxiralarini yaratish, qishki mavsumga tayyorgarlik ko‘rish va kelgusi mavsum uchun poydevor yaratish ham birdek muhim. Shu bois ayni paytda agrar sohada bir qator ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida vazirlik markaziy apparati hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan yig‘ilishda paxta yig‘im-terimiga tayyorgarlikning bugungi holati, oziq-ovqat balansi va zarur zaxiralarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va terim jarayonini o‘z vaqtida tashkil etish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Shu bilan birga, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash maqsadida zarur zaxiralarni shakllantirish ishlarini jadallashtirish vazifasi belgilandi.
Qishloq xo‘jaligida mavsumiy tayyorgarlikning ahamiyati katta. Shu nuqtai nazardan, qishki mavsumni puxta o‘tkazish, chorva mollari uchun yetarli miqdorda ozuqa zaxirasini jamg‘arish masalalari ham yig‘ilish kun tartibidan o‘rin oldi.
Shuningdek, g‘alla ekish ishlarini samarali tashkil etish va g‘alla ekiladigan maydonlarni Agroplatformada to‘liq aks ettirish zarurligi ta’kidlandi. Bu vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi nafaqat joriy mavsum, balki kelgusi hosil taqdiri uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Muloqot davomida sentabr va oktabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik tadbirlarga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi. Mas’ul rahbarlarga bu borada aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida yaylov yerlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etilayotgan investitsiyalarning samaradorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Yig‘ilish yakunida Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasidan kelib tushgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati tahlil qilindi.
Muhokama qilingan har bir yo‘nalish bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA