Qonunga sharh
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishda chorva mollarini yetishtirib berish, ularning parvarishi, sog‘lomligi muhim o‘rin tutadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizdagi mavjud chorva mollarining qariyb 90 foizi aholi tomonidan parvarishlanadi.
Endilikda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va hisobini yuritish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun ayni masalalarga qaratilgan. Ushbu qonunda nazarda tutilayotgan normalar haqida deputat Odinaxon Otaxonova quyidagilarni qayd etdi:
— “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonunda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, hayvonlarning hisobini yuritish, ularning nasli va sog‘ligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tizimda jamlash nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, sohaga mas’ul bo‘lgan organlarning vakolatlari, hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, ro‘yxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarning va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari ham belgilab qo‘yilmoqda. O‘z o‘rnida hayvon egalarining manfaatdorligi va mas’uliyati oshirilmoqda.

Qonunda hayvonlarning egalaridan to‘lov undirmasdan ularni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish tartibi va bosqichlarini belgilash hamda hayvon egalarining huquqlari va sohaga mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organining majburiyatlarini kuchaytirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topdi. Endilikda identifikatsiya qilinganlik orqali hayvonlarning haqiqiy egasini aniqlash imkoniyati yaratiladi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilishning yana bir qator muhim jihatlari bor. Ma’lumki, barcha sohalarda sug‘urta tizimi rivojlanib bormoqda. Hayvonlar sohasi ham bundan mustasno emas. Endi identifikatsiya qilingan hayvonlargina sug‘urta qilinadi. Chorvachilik sohasi uchun beriladigan subsidiyalar borasida ham identifikatsiya qilinganlik muhim shartlardan biri bo‘ladi.
Shuningdek, identifikatsiya hayvonlar orasida turli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini boshqarish, ularni o‘z vaqtida emlash, sog‘lom nasl olish, ularning aniq sonini chiqarish kabi jarayonlar uchun ham muhim hisoblanadi.
Mazkur qonunning qabul qilinib, amaliyotga kiritilishi chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tashqi va ichki bozorlarga sifatli chorva mahsulotlari yetkazib berish, veterinar osoyishtalikni ta’minlash hamda hayvonlarning hisobini yuritishda qonuniy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA