Hayvonlarni identifikatsiya qilish uning egasiga jarima solish, muammo yaratishni nazarda tutmaydi
O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida»gi qonuni joriy yil 7-avgustdan e’tiboran kuchga kiradi.
Hujjatga ko‘ra, hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, hayvonlarning hisobini yuritish, ularning nasli va sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tizimda jamlash nazarda tutilgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: hayvonlarni identifikatsiya qilishdan asl maqsad nima?
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qonun hayvon egasiga jarima solish yoki aholiga ortiqcha muammo yaratishni nazarda tutmaydi.
Aksincha, hayvondan odamga yuqadigan kasalliklarni jilovlash, inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradigan kuydirgi, quturish, brutsellyoz, exinokokkoz kabi kasalliklarni joyida blokada qilish imkonini beradi. Bunda avvalo, yuqumli kasalliklar aniqlanganda, identifikatsiya tizimi orqali kasallik manbai, u bilan bog‘liq boshqa hayvonlar va hududlar tezkor aniqlanadi va xavfli epidemiyaning oldini olish imkoni yaratiladi.
Boshqa jihatdan esa chorvachilik mahsulotlarining kelib chiqishi kafolatlanadi. Go‘sht, sut va boshqa hayvonot mahsulotlarining qaysi xo‘jalikda yetishtirilgani, hayvonning sog‘lig‘i, emlash va veterinariya ko‘riklaridan o‘tganligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot shakllanadi. Bu holat iste’molchilar ishonchini oshiradi va nazoratsiz mahsulotlarning bozorga kirib kelishini cheklaydi.
Shuningdek, chorvachilik mahsulotlari sifati va xavfsizligini nazorat qilish kuchayadi. Identifikatsiya qilingan hayvonlardan olingan mahsulotlar veterinariya-sanitariya talablariga muvofiqligi bo‘yicha doimiy nazorat qilinadi. Natijada inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi mahsulotlar o‘z vaqtida aniqlanib muomaladan chiqariladi.
Shu bilan birga, davlat nazorati va rejalashtirish samaradorligi oshadi. Hayvonlarning joylashuvi, harakati va holati bo‘yicha aniq ma’lumotlar shakllanadi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini ta’minlash, xavfsiz muhit yaratishda qonunning bugungi ahamiyati yuqori. Ya’ni hayvonlarda kasallik tarqalishining oldini tezkor olish bilan birga, ularning kelib chiqishi va harakatini kuzatish, mahsulotning xavfsizligi va sifatini ta’minlash hamdir.
Bunda nasl va mahsuldorlik hisobini yuritish, hattoki, mol o‘g‘irlanishining oldini olish bo‘yicha ham imkoniyat yaratiladi hamda kredit va sug‘urta xizmatlarini rasmiylashtirishni yengillashtiradi.
A.RUSTAMOV, O‘zA