Hayvonlarni identifikatsiya qilishdan maqsad nima o‘zi? (+video)
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 6-avgustdagi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi Qonunda hayvonlarni identifikatsiya qilish muddatlari, hayvon egasining huquqlari, majburiyatlari, mas’ul organlarning vakolatlari belgilab berilgan. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bu borada turli talqinlar va feyk xabarlar yuribdi. Qonunning maqsadi va mohiyatini bilib olish maqsadida mutaxassisga murojaat qildik.
Ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish bo‘yicha: “tug‘ilganidan keyin 14 kun ichida” yoki “3 oylik bo‘lguniga qadar” ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, “pasportsiz to‘y bo‘lmaydi”, “hayvonlarga oila qurish taqiqlanadi” kabi noto‘g‘ri va bo‘rttirilgan xabarlar tarqalmoqda. Ushbu qonunning to‘liq maqsadi va mohiyati xususida Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Qo‘ziboyev bilan suhbatlashdik.
- Ushbu qonunning qabul qilinishi sohani qanchalik o‘zgartiradi va hayvonlarni identifikatsiya qilishdan maqsad nima o‘zi?
- Ijtimoiy tarmoqlarda “hayvonlarga pasport” beriladi yoki majburiy ro‘yxatga o‘tkaziladi kabi turli feyk xabarlar yuribdi. 2025-yil 6-avgustda O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolangan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi Qonun bir yildan keyin kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan. U 4 ta bob, 17 moddadan iborat. Unda chorvani identifikatsiya qilish muddatlari belgilanyapti.
Qonunga ko‘ra, qoramol, qo‘y, echki va tuyalar tug‘ilganidan 14 kun, otlar 4 oy, cho‘chqalar 1 oy, it va mushuklar esa 3 oy o‘tgach, belgilangan muddat tugaganidan keyin bir oydan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi va ro‘yxatga olinishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.
Bu tizimning asosiy maqsadi hayvon egasiga jarima solish yoki aholiga ortiqcha muammo yaratish emas. Mazkur qonunning asosiy maqsadi hayvonlarni alohida (individual) identifikatsiya raqami orqali ro‘yxatga olish, ularning harakati, sog‘lig‘i va veterinariya tadbirlarini elektron tizimda kuzatib borishdan iboratdir. Shuningdek, mazkur hujjatda barcha hayvon egalari 7-avgustning o‘zidayoq veterinariya pasportini rasmiylashtirishi shartligi belgilanmagan.
Qonun mamlakatda epizootik xavfsizlikni ta’minlaydi. Yuqumli kasalliklar aniqlangan holatlarda identifikatsiya tizimi orqali kasallik manbai, u bilan bog‘liq boshqa hayvonlar va hududlar tezkor ravishda aniqlanadi. Bu esa xavfli kasalliklarning keng tarqalishining oldini olish imkonini beradi. Chorvachilik mahsulotlarining kelib chiqishi kafolatlanadi. Go‘sht, sut va boshqa hayvonot mahsulotlarining qaysi xo‘jalikda yetishtirilgani, hayvonning sog‘lig‘i, emlash va veterinariya ko‘riklaridan o‘tganligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot shakllanadi. Bu holat iste’molchilar ishonchini oshiradi va nazoratsiz mahsulotlarning bozorga kirib kelishini cheklaydi.
Shu bilan birga chorvachilik mahsulotlari sifati va xavfsizligini nazorat qilish kuchayadi. Identifikatsiya qilingan hayvonlardan olingan mahsulotlar veterinariya-sanitariya talablariga muvofiqligi bo‘yicha doimiy nazorat qilinadi. Natijada inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi mahsulotlar o‘z vaqtida aniqlanib, muomaladan chiqariladi.
Davlat nazorati va rejalashtirish samaradorligi oshadi. Hayvonlarning joylashuvi, harakati va holati bo‘yicha aniq ma’lumotlar shakllanadi.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish shunchaki raqam berish emas, bu “fermadan dasturxongacha” bo‘lgan zanjirda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi asosiy mexanizmi bo‘lib qoladi.
Hozirgi zamon iste’molchisi mahsulotning kelib chiqishi haqida ma’lumotga ega bo‘lishni xohlaydi. O‘z navbatida halollik va sifat, sotilayotgan go‘shtning (so‘yilgan molning yoshi, jinsi va zoti haqidagi ma’lumotlarning aniqligi firibgarlikning, masalan, qari hayvon go‘shtini yosh mol go‘shti deb sotish) kelib chiqishiga aniqlik kiritiladi.
Xulosa qilib aytganda, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimi respublikada epizootik barqarorlikni ta’minlash, hayvonlar sog‘ligini himoya qilish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda asosiy tayanch mexanizmlardan biri bo‘lib, u veterinariya nazoratini kuchaytirish, sog‘lom chorvachilikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
2028-yil 1-yanvardan identifikatsiya qilinmagan va ro‘yxatga olinmagan hayvonlarni saqlash yoki ko‘paytirishga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi talab kuchga kiradi. Ushbu norma hayvonlarning “to‘yi”ni taqiqlash kabi har xil aniq bo‘lmagan xabarlarni emas, balki veterinariya xavfsizligi, kasalliklarning oldini olish va mamlakatda epizootik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgandir.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/Ci4fU_LfFWY" title="Hayvonlarni identifikatsiya qilishdan maqsad nima o‘zi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA