Har bir murojaat doimiy nazoratda
Suhbat
Bugungi kunda fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning muammolariga yechim topish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ana shu maqsadda faoliyat yuritayotgan Prezident Xalq qabulxonalari aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi ochiq va samarali muloqotni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Ma’lumki, 2026-yil 1-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. Mazkur hujjatda fuqarolar murojaatlarini har tomonlama, to‘liq va xolis ko‘rib chiqish, ularning ijrosini nazorat qilish, muddati o‘tgan murojaatlarni yuqori turuvchi davlat organlariga avtomatik ravishda o‘tkazish hamda aholi muammolarini joyida hal etish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ushbu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar, aholi murojaatlari bilan ishlash amaliyoti va fuqarolar muammolarini hal etish borasidagi vazifalar bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari Nilufar Allabergenova bilan uchrashib, o‘zimizni qiziqtirgan bir qator savollarga javob oldik.
— Aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, fuqarolarning dardu tashvishlarini tinglash va ularning muammolariga o‘z vaqtida yechim topish bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan bugungi kunda aholi murojaatlari bilan ishlash yuzasidan qanday ishlar olib borilmoqda?
— Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmoni bu boradagi ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, fuqarolarning muammolarini o‘z vaqtida o‘rganish va ularga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalarida orqali jami 30 ming 253 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 12 ming 182 tasi ijobiy hal etildi, 5 ming 933 ta murojaat esa ayni paytda ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish va mavjud muammolarni joyida hal etish maqsadida hududlarda shaxsiy hamda sayyor qabullar tashkil etilmoqda. Ularda fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ko‘tarilgan masalalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari ishtirokida o‘rganilmoqda. Asosiy maqsadimiz — har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini chuqur anglagan holda, fuqarolarning muammolarini qonuniy va o‘z vaqtida hal etishdan iborat.
— Prezidentimizning 2026-yil 1-apreldagi farmoniga muvofiq, Prezident Xalq qabulxonalariga murojaatlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan har tomonlama, to‘liq, xolis hamda o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini nazorat qilish bo‘yicha muhim vakolatlar berilgan. Mazkur farmon asosida murojaatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini nazorat qilish bo‘yicha qanday yangi mexanizmlar joriy etildi va bu borada bugungi kunda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Prezidentimizning mazkur farmoni bilan aholi murojaatlari bilan ishlashda nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, davlat organlari va tashkilotlari mas’uliyatini oshirish hamda murojaatlarning natijadorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida murojaatlar bilan ishlash holati muntazam o‘rganib borilmoqda.

Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida ushbu yo‘nalishda 97 ta o‘rganish, murojaatlar eng ko‘p kelib tushgan sohalar bo‘yicha esa 116 ta tahlil o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va mas’ul tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish maqsadida hududiy tashkilotlarga 119 ta taqdimnoma, 75 ta talabnoma va 188 ta ko‘rsatma kiritildi. Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga 46 ta axborot, prokuratura va adliya organlariga 17 ta hujjat yuborildi.
Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 18 nafar mas’ul xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi, 5 nafar xodim lavozimidan ozod etildi, 2 nafar xodimga jarima jazosi qo‘llanildi, 83 nafar xodimga hayfsan berildi, 87 nafar xodim rasman ogohlantirildi.
Shu bilan birga, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni joylarda o‘rganish va tahlil qilish orqali tizimli muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik takliflari ishlab chiqilmoqda.
— Sayyor qabullarning muhim jihati shundaki, fuqaro o‘z muammosini hal etish uchun idorama-idora yurishga majbur bo‘lmaydi, aksincha, mas’ul rahbarlarning o‘zi aholi huzuriga borib, mavjud muammolarni o‘rganadi va ularning yechimi bo‘yicha aniq vazifalarni belgilaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida sayyor qabullar qanday tashkil etilmoqda va ular aholi muammolarini hal etishda qanday samara bermoqda?
— Albatta, xalq bilan muloqot qilish, odamlarning dardu tashvishlarini tinglash, ularning muammolarini joyida o‘rganib, amaliy yechim topish davlat organlari rahbarlarining eng muhim vazifalaridan biridir. Shu bois Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolar murojaatlarini bevosita tinglash va ularni qiynayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish asosiy vazifamizdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Vazirlar Kengashi raisi va ularning o‘rinbosarlari tomonidan Prezident Xalq qabulxonasida muntazam ravishda fuqarolar qabuli o‘tkazilmoqda. Ushbu qabullar davomida aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ularning taklif va murojaatlari tinglanmoqda. Har bir masala mas’ul idoralar va tashkilotlar vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, muammolarni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanmoqda. Shuningdek, fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida shaxsiy qabullar va sayyor uchrashuvlar jadvali oldindan tasdiqlanib, aholiga e’lon qilib borilmoqda.
Qabullarda uy-joy, bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, kommunal xizmatlar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi turli yo‘nalishlardagi masalalar ko‘tarilmoqda. Mas’ul tashkilotlar rahbarlariga ularni hal etish yuzasidan aniq topshiriqlar berilmoqda. Eng muhimi, murojaatlarni faqat qog‘ozda ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, ularning amaldagi natijasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Masalan, Nukus shahridagi “Taslaq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi Mamanbiy, Abadan va Bo‘zatov ko‘chalarini ta’mirlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Mazkur murojaat Nukus shahri hokimligi tomonidan o‘rganilib, tegishli dasturga kiritildi. Dastur asosida ko‘chalarga shag‘al qoplamasi yotqizilib, aholi ko‘targan muammo ijobiy hal etildi.
Yana bir misol. Bo‘zatov tumanidagi “Qusxanatau” ovul fuqarolar yig‘ini aholisi “Bo‘zatov” shaharcha fuqarolar yig‘ini bilan “Ko‘k suv” ovul fuqarolar yig‘inini bog‘lovchi avtomobil yo‘lining holati og‘ir ekanligi yuzasidan murojaat qilgan. Murojaat atroflicha o‘rganilib, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va aholiga qulaylik yaratish maqsadida 13 kilometr masofada asfaltlash ishlari amalga oshirildi. Natijada aholining harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratildi. Muammoning ijobiy hal etilganidan mamnun bo‘lgan fuqarolar o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
— Shahar va tuman hokimliklarida fuqarolarning murojaatlarini tinglash va ularni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalsangiz?
— Darhaqiqat, fuqarolarning muammolarini joyida hal etishda tuman va shahar hokimlarining shaxsiy qabullari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Belgilangan jadval asosida o‘tkazilayotgan qabullarda aholi o‘zlarini qiynayotgan masalalar bilan bevosita hokimga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Qabullarda uy-joy, yer ajratish, bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kommunal xizmatlar, ijtimoiy yordam hamda infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq murojaatlar ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, Nukus tumani “Darsan” va “Oqmang‘it” mahallalarini birlashtiruvchi ko‘prik uzoq yillar davomida xizmat qilganligi sababli yaroqsiz avariya holatiga kelib qolgan edi. Aholining murojaati natijasida ushbu hududga mahalliy byudjet hisobidan 2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va yangi ko‘prik qurib foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, tuman hududida joylashgan “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘ini aholisini ko‘p yillardan buyon ichki yo‘llarni ta’mirlash, eskirgan elektr ustunlarini almashtirish va tungi yoritgich chiroqlarini o‘rnatish borasidagi muammolar qiynab kelayotgandi. Bu masala ham ijobiy hal qilinib, barcha muammo tez fursatda bartaraf qilindi. Bu kabi amaliy ishlar esa hudud aholisining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini orttirmoqda.
Asosiy maqsad — aholi murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish, fuqarolarning roziligini ta’minlash hamda har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashishdan iborat. Inson manfaatlarini ta’minlash, xalq dardiga quloq tutish va murojaatlarni o‘z vaqtida hal etish bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
O‘zA muxbiri Dovud Abibullayev suhbatlashdi.