Har bir darsi yangilikka yo‘g‘rilgan
Jamoliddin Nurmuhammadov bugungi dars mavzusiga oid materiallar to‘plamiga murojaat qildi. Mavzuga taalluqli slaydlar, audio ovozli postanovka, videofilm, asarning ifodali o‘qilgan to‘liq varianti o‘quvchilar e’tiboriga havola etildi.
Jamoliddin Nurmuhammadov bugungi dars mavzusiga oid materiallar to‘plamiga murojaat qildi. Mavzuga taalluqli slaydlar, audio ovozli postanovka, videofilm, asarning ifodali o‘qilgan to‘liq varianti o‘quvchilar e’tiboriga havola etildi.Orqa partada o‘tirgan Miraziz savol berdi: "Alisher Navoiy bu shoh asarining bugungi kundagi ahamiyati qanday?"
– Asar o‘zining insonparvarlik, mehnatsevarlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni ulug‘lash, sof va samimiy muhabbatni ardoqlash kabi dolzarb g‘oyalari tufayli har doim muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi o‘qituvchi. – Bu asarni mukammal o‘qib chiqib, undagi yuksak g‘oyaviylik va beqiyos badiiyatdan bahramand bo‘lish har birimizning vazifamizdir.
Doskada "Farhod va Shirin" filmidan parcha namoyish etiladi. Undagi qiziqarli syujetlar o‘quvchilar hayratini yanada oshiradi. Sinfda jimlik hukmron. Dars yanada qiziqarli tus oladi. Endi darsning nazariy qismiga navbat...
...Ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Jamoliddin Nurmuhammadov zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darsni jonli va maroqli qilishiga ishonadi.
– Biz hozir axborot vositalari rivojlangan, globallashuv davrida yashayapmiz. Har kun yangiligu ixtirolardan xabardor bo‘lib turmasangiz, o‘quvchi sizdan oldin ma’lumotlar topib, ildamlab ketadi, – deydi J.Nurmuhammadov. – Bu jarayonda o‘qituvchidan o‘ta ziyraklik, intilish va tashabbuskorlik talab etiladi. Har darsga bir yangilik bilan kirishga harakat qilaman. Bunga o‘quvchilarim ham o‘rganib qolishgan. Mashg‘ulotlarimda “tarmoqlash”, “zanjir”, “davra suhbati”, “bilib oldim, bilishni xohlayman” kabi interfaol usullardan unumli foydalanaman. O‘quvchilar bir-birini tinglay olish, berilgan vazifani mustaqil bayon qilish, guruhdoshlarini baholay olishni o‘rganadi. O‘tilgan mavzu yuzasidan o‘quvchilarga darslikdan tashqari topshiriq berish ularni o‘z ustida ishlashga undaydi.
Tashabbuskorlik, yangilikka intilish, ijod va izlanishni hayotining mazmuniga aylantirgan yosh pedagog J.Nurmuhammadov Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetida tahsil olib, 2009-yildan buyon Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyida ona tili va adabiyot fanlaridan saboq beradi.
Joriy yilda u “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi – 2016” ko‘rik- tanlovining respublika bosqichida ona tili va adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. O‘z kasbini sevuvchi, tinib-tinchimas bu pedagogning xalq ta’limi tizimidagi muvaffaqiyatlari talaygina. O‘tgan yili “Eng yaxshi mahorat darsi” ko‘rik-tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Jamoliddin ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan mahoratli uslubiyotchi hamdir. U “Adabiyot fanidan xronik kompozitsiya”, “Adiblarning asarlari”, “Iste’dod jilg‘alari”, “Adabiyot fanidan amaliy mashg‘ulotlar”, “Adabiyot darslari uchun barcha mavzularning taqdimoti” kabi metodik qo‘llanmalarini chop ettirgan.
J.Nurmuhammadov o‘quvchilarining yutuqlaridan quvonadi. Shogirdi Oyxon Erkinjonova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lsa, Gulibonu Amirova, Orif Olimjonov, Kamola Ahadova, Xursanoy Karimova, E’zoza Xolboyeva kabi iqtidorli o‘quvchilari ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha respublika fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir. Qalbi mehr ummoniga, ezgulik nuriga limmo-lim muallimlarning sharafli mehnati tufayli yosh avlod ilm-ma’rifatga oshno bo‘lib ulg‘aymoqda, kelajakning ishonchli vorislariga aylanayotir.
Jamoliddin Nurmuhammadov o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun turli ko‘rgazmali o‘yinlar, tanlovlar o‘tkazib, ularni ijod qilishga, yangiliklarni izlab topishga undaydi.
– Hozirgi zamonaviy darslarda o‘qituvchi va o‘quvchilarning vazifalari o‘zgargan, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi direktori Zulfiqor Xolmirzayev. – O‘qituvchi darsda yetakchi, yo‘naltiruvchi, ko‘mak beruvchi, boshqaruvchi vazifasini bajarsa, o‘quvchi darsning faol ishtirokchisiga aylanib, mustaqil ishlaydi, fikrlaydi, ijod qiladi, bahs-munozarada o‘z fikr-mulohazalarini erkin himoya qiladi. Yosh pedagog Jamoliddin mashg‘ulotlarda interfaol usullardan samarali foydalanadi, o‘ziga va o‘zgalarga talabchan.