Fransiyada namoyish: 500 dan ortiq kishi qo‘lga olindi
Fransiyada maktab o‘quvchilarining ta’lim uchun ko‘proq mablag‘ talab qilib o‘tkazayotgan namoyishlari uchinchi kun ham davom etdi. Parij va boshqa shaharlarda politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘lladi, mamlakat bo‘ylab 500 dan ortiq kishi qo‘lga olindi.
Ta’kidlanishicha, seshanba kuni namoyishlarda 250 mingdan ziyod kishi qatnashgan, Parijning o‘zida esa 56 ming kishi ko‘chaga chiqqan. Asosan tinch o‘tgan poytaxtdagi namoyish yakunida ayrim guruhlar politsiya bilan to‘qnashgan. Marsel, Strasburg va boshqa shaharlarda ham katta yig‘inlar bo‘lib o‘tdi. O‘lkadagi 3 700 ta maktabdan 891 tasida darslar to‘liq yoki qisman to‘xtatildi.
O‘quvchilar sinfxonalarning eskirgani, parta va stullar yetishmasligi, yozda xonalarning haddan tashqari isib ketishi, hatto ayrim maktablarda kalamushlar paydo bo‘lganidan norozi.

Namoyishlar Emmanuel Makron hukumatiga bosimni yanada kuchaytirmoqda. Ikki haftadan ortiq davom etgan dars boykotlari va maktablarni to‘sishlar davomida 6 500 dan ziyod kishi, asosan voyaga yetmaganlar, qo‘lga olingan.
Mamlakat ta’lim vaziri Eduar Jeffrening ma’lum qilishicha, namoyishlar boshlanganidan beri 85 nafar o‘qituvchi, 215 nafar o‘quvchi va 715 nafar politsiya xodimi jarohatlangan. Bosh vazir Sebasten Lekornyu maktablardagi zo‘ravonlikni qoralab, politsiya harakatlari bilan bog‘liq har qanday “baxtsiz hodisa” tekshirilishini bildirdi. Ayrim o‘quvchi guruhlari esa yangi namoyishlarni payshanba kuni o‘tkazishga chaqirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA