Fransiyaning qarzi 3,6 trillion yevroga yetdi
Fransiyaning davlat qarzi va byudjet taqchilligi investorlarni jiddiy xavotirga solmoqda: mamlakatda 10 yillik obligatsiya bo‘yicha daromad 2002-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Parijning Germaniyaga nisbatan qarz olish xarajati ham 2011-2012-yillardagi yevro hudud qarz inqirozidan beri kuzatilmagan darajaga yetdi.
Muammo asosi – davlat xarajati soliq tushumiga nisbatan yilma-yil oshib borishi. 2026-yil byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 5,4 foiziga yetishi kutilyapti. Bu Yevropa Ittifoqi belgilagan 3 foizlik chegaradan ancha yuqori. INSEE ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi chorak yakunida davlat qarzi 3,6 trillion yevro yoki YAIMning 119 foizini tashkil etgan. Hukumat 2027-yil uchun taqchillikni 5 foizga tushirish maqsadida 54 milliard yevro atrofida tejamkorlik va qo‘shimcha daromad choralarini taklif qildi. Bosh vazir Sebastyan Lekornyu parlamentar ko‘pchilikka ega emas, byudjet muhokamasi 13-oktabrda boshlanadi, 2027-yil bahorida esa prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Shuningdek, kelasi yil G‘aznachilik 340 milliard yevro miqdorida yangi qarz jalb qilishi kerak. Bu joriy yildagidan 20 milliard yevro ko‘p. “BNP Paribas” iqtisodchisi Stefan Kolliak hisobicha, taqchillikni jiddiy qisqartirish 2028-yilga surilsa, 2032-yilga borib qarz YAIMning 126 foiziga chiqishi mumkin.
Xavf faqat Fransiya bilan cheklanmaydi. Mamlakatda Germaniya obligatsiyalariga nisbatan ustama daromad 1,52 foizcha ko‘paygan, Italiya va Gretsiya obligatsiyalaridagi farq ham Fransiyadagi so‘nggi keskinlik payti qariyb 15 band ko‘tarilgan. Yevro nisbati ham bosimni his qilyapti: Yevropa Markaziy banki inflyatsiya va davlat obligatsiyasi bozoridagi beqarorlik o‘rtasida murakkab tanlovga duch kelgan.
Hozircha Fransiya moliya bozoridan uzilib qolgani yo‘q: asosiy masala investorlar mamlakatga qarz berishdan bosh tortishi emas, balki tobora yuqori haq talab qilayotganida. Parijning moliyaviy ishonchini tiklash uchun birinchi jiddiy sinov 13-oktabr – Milliy assambleyada 2027-yil byudjeti muhokamasi boshlanganda yuz beradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA