Xorazm viloyatida “Yashil makon” loyihasi doirasida 2024 yil bahor-kuz mavsumida jami 17 million 303 ming dona mevali, manzaralari daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, jami 34,7 gektar maydonda “Yashil bog‘”lar tashkil etildi. Xususan, o‘tgan yillar shuni ko‘rsatdiki, vohaning iqlim sharoitiga mos eng ma’qul ko‘chat bu gujumdir.
Gujum daraxti yuz yildan ortiq umr ko‘radi. E’tiborlisi, u o‘ta chidamli o‘simlik bo‘lib, o‘sishi uchun joy tanlamaydi. Ushbu daraxt chuqur ildiz otib, qurg‘oqchil, sho‘rlangan yerlarda ham o‘saveradi. Quyosh issiqligini o‘tkazmaydi. Chunki, uning barglari tukchalar bilan qoplangan.
"Gujum" Xorazmning yashil turizmi belgisi hamdir.
Joriy yil 1-2 may kunlari davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida ham Xorazm gujumini ko‘paytirish ta’kidlandi.
Xorazm gujumini viloyatning barcha hududlariga keng tatbiq qilish ishlari davom etmoqda. Vohaning iqlimiga ham manzarasi, ham foydaliligi bilan mos bo‘lgan ko‘chatlar zaxirasi yaratilgan.
– Gujum daraxti ildizi va urug‘idan ko‘payadi. U sadaqayrag‘och, ya’ni qoramon daraxtiga payvand qilinsa, sizot suvlariga chidamliligi yanada ortib, umri uzayadi, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Yangibozor tuman bo‘limi katta inspektori Islom Yo‘ldoshev. – Tumanda joylashgan o‘rmon xo‘jaligi yerlarida joriy yil bahor mavsumida qariyb bir millionga yaqin gujum ko‘chatlari yetishtirilib tarqatildi. Hozir ham sada qayrag‘och daraxtiga payvandlangan uch million gujum ko‘chatlari kuz mavsumiga tayyorlanmoqda.
[gallery-23373]
Gujum tuproqni eroziyadan asrashdan tashqari, shoxlari qalinligi bois shamol yo‘lini to‘sib, qum ko‘chkilarining oldini oladi. Hududdagi iqlimni mo‘’tadil saqlashda ham asqatadi. Shuning uchun ham qadimdan ajdodlarimiz o‘zlari bunyod etgan qadim obidalar atrofida aynan gujum daraxtini ekishgan. Ayniqsa, hovuz bo‘ylariga ekilgan gujum baravj rivojlanadi va uzoq umr ko‘radi. Hatto, keng quloch yoyib, rekord darajada kattalashishi mumkin.
–Qadimda ota-bobolarimiz hovlida hovuz qazib, atrofiga gujum ko‘chatlarini ekib chiqishgan. Hovlimizdagi gujum hozir 105 yoshda. – deydi yangibozorlik mehnat faxriysi Komil Rajabov. – Hozir eniga o‘lchab ko‘rsangiz 30 metrni, balandligi ham 27 metrni tashkil etadi. Uch yil oldin tegishli idoralardan mutaxassislar kelib, hujjatlashtirib ketishdi. Endilikda bu daraxt davlat muhofazasida turibdi va doimiy ravishda parvarish qilinmoqda.
Gujum juda sezgir daraxt bo‘lib, yer osti sizot suvlarining pasaygani yoki ko‘tarilganini tez payqaydi. Ana shu davrda uning tanasida kasalliklarga va hashoratlarga qarshi kurashish qobiliyati ham sustlashadi.
O‘tgan asrda Rossiya tomonlardan mamlakatimiz hududiga olib kelingan yog‘och mahsulotlari bilan birga daraxt kushandalari ham kirib kelgan.
Kushandalar o‘lkamizga kelgandan so‘ng barcha o‘simliklar qatori gujumga ham hujum qilishgan.
“Bargxo‘r”, “Shahar” va “Turon” mo‘ylovdorlari kabi daraxt kushandalari 1970-1985 yillarda viloyatdagi gujumlarni yeb bitirishiga sal qolgan. Suv siyosatining noto‘g‘ri olib borilishi, Orolning qurishi, Amudaryo suvining kamayishi, sho‘rlanishning kuchayishi natijasida gujumlarga qiron kela boshlagan. Biroq tabiatni sevuvchi insonlar ushbu daraxtlarni saqlab qolishgan.
– Maktabimiz atrofidagi gujumlarning yoshi qirq yilga yetay deb qoldi, – deydi Qo‘shko‘pir tumanidagi 41 - sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Hayitboy Rajabov. – Ularning soni 150 tani tashkil etadi. Mamlakatimizning chekka hamda cho‘lga yaqin hududida joylashganligimiz tufayli yozning issig‘i, qishning izg‘irinli kunlari qattiq keladi. Gujum yozda issiqdan, qishda esa sovuqdan, shamol va yomg‘irdan pana qiladi. O‘quvchilar kunbo‘yi daraxtlar soyasida yurishadi. Tashqaridagi havodan gujum soyasidagi harorat 10-15 daraja farq qiladi.
Prezidentimizning yaqinda gapirgan gaplarini eshitib, juda quvonib ketdim. Maktabimizda “Bir insonga bir gujum” tadbirini boshladik. Muassasamizdagi 600 nafardan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchilarning barchasi o‘zi uchun daraxtlar ekishdi. Kuzda yana shuncha gujum ko‘chatlari mahalla va xonadonlarga o‘tqaziladi. Gujum yozning saratonida quyuq soya berib, oftob nurini o‘tkazmaydi. U karbonat angidrid gazini yutib, ko‘p miqdorda kislorod ishlab chiqaradi. Noorganik changlarni tutib, havoni ham tozalaydi. Bu xususiyati bilan vohaning keskin kontinental iqlim sharoitida ham insonning hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari