Gruziya O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasida ko‘prik bo‘la oladimi?
Bugungi xalqaro munosabatda davlatlar iqtisodiy salohiyati ko‘p jihatdan transport yo‘laklari va tashqi bozorga chiqish imkoniyati bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi va ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanishi O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim voqeadir.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashqi savdo yo‘nalishlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu jarayonda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi – O‘rta yo‘lak strategik ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Gruziya Qora dengiz orqali Yevropa bozoriga chiqishni ta’minlaydigan muhim hamkorga aylanmoqda. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini Boku – Tbilisi – Kars magistrali bilan bog‘lash rejasi amalga oshsa, Yevrosiyoda yangi transport zanjiri shakllanadi.
Bunday o‘zgarish istiqbolini raqamlar ham tasdiqlaydi. 2021-yil O‘rta yo‘lak respublikamiz tashqi savdo yukining 12 foiziga xizmat qilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 28 foizga yetgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yil mazkur yo‘nalish orqali 1,2 million tonna yuk tashilgan. Konteyner poyezdining Gruziya portlariga yetib borish vaqti 18-23 kundan 12-15 kungacha qisqardi.
Iqtisodiy hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. 2017-2025-yillari tovar ayirboshlash qariyb uch barobar o‘sib, 267,6 million dollarga yetdi. Tomonlar ayni ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga olib chiqishni rejalashtirgan. Poti portida 18,3 million dollarlik o‘zbek logistika terminali qurilishi O‘zbekiston xalqaro transport infratuzilmasiga faol sarmoya kiritayotganini ko‘rsatadi.
Tbilisida elchixonamiz ochilishi va transport, bojxona, raqamli texnologiya hamda ta’lim sohalarida 15 hujjat imzolanishi sheriklikning institutsional asosini mustahkamladi.
Albatta tomonlar oldida O‘rta yo‘lak bilan bog‘liq ayrim muammolar, bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar bor. Masalan, hozircha Qora dengiz portlaridan foydalanish quvvati cheklangan, Kaspiy dengizida suv sathi pasayishi kuzatilyapti, logistika infratuzilmasida kamchiliklar mavjud. Shunga qaramay, O‘zbekiston va Gruziya strategik sherikligi diplomatik munosabat doirasidan ko‘ra ancha keng ahamiyatga ega. Bu jarayon o‘lkamizning Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatini yanada kengaytirish, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va Yevrosiyo transport tizimidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muxtor Nazirov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti