O‘zbekiston – AQSH: suv xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi
AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev va “Rubicon Water” kompaniyasi Shimoliy Amerika bo‘yicha bosh direktori Darren Makgregorning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Nyu-York shahridan Suv xo‘jaligi vazirligi Xalqaro aloqalar va JST masalalari bo‘limi bosh mutaxassisi Temur Bahranov xabar berdi.
Uchrashuv davomida suv xo‘jaligini raqamlashtirish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv resurslarini samarali boshqarish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Xususan, tomonlar Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilgan pilot loyiha natijalarini yuqori baholadi. Loyiha doirasida Mirishkor va Qamashi kanallarining 13,4 kilometr qismida 26 ta avtomatlashtirilgan gidrotexnik inshoot o‘rnatilib, ularni masofadan boshqarish tizimi joriy etildi. Buning natijasida 6,5 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti yaxshilanib, suv taqsimotini boshqarish samaradorligi 30-40 foizga oshdi.
Shuningdek, muzokaralarda irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, sohaga investitsiyalarni jalb etish, “Rubicon Water” texnologiyalarini mahalliylashtirish hamda ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida kompaniya rahbariyati joriy yilninn kuzida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi va “Water Tech Expo 2026” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif etildi.
Shundan so‘ng tomonlar suv xo‘jaligini raqamlashtirish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini qayd etdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA