O‘zbekiston va Belarus: Yevrosiyo yangi transport yo‘laklari sari
Global savdo zanjiri va geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgarayotgan bugungi davrda barqaror transport yo‘laklarini shakllantirish davlatlar iqtisodiy xavfsizligi omiliga aylandi.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligi yangi strategik bosqichga ko‘tarilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgan bir paytda Hind okeani portlariga chiquvchi muqobil yo‘llar ochish, sohada kadrlar tayyorlash va yuk tashish tizimini raqamlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Global miqyosda savdo-iqtisodiy aloqa transformatsiyaga uchrashi, yuk oqimi geografiyasi o‘zgarishi ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlay oladigan yangi transport yo‘nalishlarini taqozo etmoqda.
Bugungi kunda transport bog‘liqligi xalqaro sheriklik va barqaror rivojlanishning bosh mezonidir. Shu bois O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida savdo va logistika sohasida samarali munosabat yo‘lga qo‘yildi. Ikki davlat MDH Transport muvofiqlashtiruvchi kengashi, Temir yo‘llar hamkorligi tashkiloti va SHHT doirasida xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish ustida faol ish olib bormoqda.
Bugungi kunda Belarus O‘zbekistonning eng yirik 10 savdo sherigi qatoridan joy olgan. Erishilgan ijobiy sur’at natijasida 2025-yil yakuniga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida yuk tashish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 30 foiz o‘sib, 850 ming tonnaga yetdi. Yuk tarkibida hozircha Belarusdan import qilinadigan yog‘och va oziq-ovqat ustuvor. O‘zbekiston eksporti esa asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ikki tomonlama yuk almashinuvini yanada diversifikatsiya qilish va o‘zbek mahsulotlari eksporti hajmini oshirish uchun keng imkoniyat mavjudligidan dalolat.
Ayni payt Yevrosiyo makonida “Sharq – G‘arb” va “Shimol – Janub” yo‘nalishlari bo‘yicha multimodal transport yo‘laklari yaratish strategik ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada uch asosiy yo‘nalish o‘zaro hamkorlik poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Dengiz portlariga chiquvchi muqobil marshrutlarni rivojlantirish
“Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston – Hind okeani portlari” xalqaro transport yo‘lagi ustuvor loyiha sifatida mavjud muqobil yo‘llardan 2 barobar qisqa bo‘lib, yuk yetkazib berish muddatini 2-3 barobar qisqartiradi. Loyiha MDH va Yevropa Ittifoqi davlatlarini Janubiy Osiyoning aholi zich joylashgan Hindiston, Pokiston kabi yirik bozorlari bilan bog‘laydi. Ayni yo‘nalish istiqboli amaliyotda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda: 2026-yil birinchi choragida O‘zbekiston orqali janubiy yo‘nalish bo‘ylab o‘tgan tranzit yuk hajmi 23 foiz oshib, 1,8 million tonnani tashkil etdi. Kelajakda ushbu yo‘lak uchun yagona raqamli yuk hujjati va texnik standart joriy etish rejalashtirilgan.
Transport sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash
Uzoq muddatli sheriklik doirasida Belarus davlat transport universiteti hamda Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash zarur. Bu mutaxassislar malakasini oshirish, talaba va ilmiy xodimlar akademik mobilligini ta’minlash hamda multimodal tashish va xalqaro logistika yo‘nalishida qo‘shma ilmiy tadqiqot olib borish imkonini beradi.
Avtomobil tashuvida ruxsatnoma hujjatini raqamlashtirish
Ikki davlat o‘rtasida qatnov soni ortib borayotgani sababli elektron blank almashinuvi – “E-permit” tizimini joriy etish dolzarb ahamiyatga ega. O‘zbekiston mazkur tizimni qator xorijiy davlatlar bilan muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan. Belarus bilan tatbiq etish ham ruxsatnoma taqsimotida shaffoflikni ta’minlaydi va inson omilini bartaraf etadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligi oddiy yuk tashish ko‘rsatkichini oshirishdan tashqari, chuqur strategik mazmun kasb etmoqda. Dengiz portlariga chiquvchi multimodal yo‘laklar barpo etish, raqamli yechimlar topish va kadrlar salohiyatini yuksaltirish ikki davlat geografik joylashuvini jiddiy raqobat ustunligiga aylantiradi, butun Yevrosiyo makonida barqaror iqtisodiy bog‘liqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika rivojlanish muammolarini o‘rganish markazi bo‘lim boshlig‘i Dildora Ibragimova taqdim etgan ma’lumot asosida O‘zA muxbiri Fardona Yaxshiboyeva tayyorladi.