Ğelon sari yöl: kuzning betakror manzaralari
Qaşqadaryo viloyati Şahrisabz tumanidagi Ğelon qişloğiga eltuvçi yöl yilning har faslida özgaça manzara kasb etadi. Ayniqsa, kuzda Hisor toğlari bağridagi bu maskan tillarang daraxtlar, qorli çöqqilar, zilol suvlar va musaffo havosi bilan kişini maftun etadi.
Şahrisabz tekisliklaridan toğlar sari kötarilgan yöl böylab tabiat manzaralari asta-sekin özgarib boradi. Toğ yonbağirlarida sarğaygan daraxtlar, baland qoyalar va ular orasidan şiddat bilan oqayotgan daryo öziga xos uyğunlik hosil qiladi.
Daralar orasidan ötuvçi yöl böyida qad rostlagan teraklar kuzning turfa ranglariga burkangan. Sariq va zarğaldoq tusga kirgan yaproqlar, toğlar bağridan esayotgan salqin şabada va daryo şovullaşi bu hududga özgaça tarovat bağişlaydi.
Yöl davomida uçraydigan köl ham tabiatning diqqatga sazovor manzaralaridan biridir. Uning tiniq suvida atrofdagi qoyalar va daraxtlar aksi jilolanib, kuz faslining gözalligini yanada namoyon etadi.
Ğelon atrofidagi toğ manzaralarida ikki faslning öziga xos uyğunligini kuzatiş mumkin. Toğ etaklarida kuzning oltin ranglari hukm sursa, baland çöqqilar oppoq qor bilan qoplangan. Bu manzara Hisor toğlarining salobati va tabiat ranglarining betakrorligini aks ettiradi.
[gallery-32502]
Toğlar bağridagi sölim daralar, terakzorlar, zilol suvlar va qorli çöqqilar Ğelon qişloğiga eltuvçi yölning öziga xos jozibasini namoyon etadi. Ayniqsa, kuz faslida bu hudud tabiat qöynida hordiq çiqariş, toğ manzaralaridan bahramand böliş va fotosuratlar oliş uçun yanada maftunkor tus oladi.
Jamşid NORQOBILOV (surat), ÖzA