Forum yuqori saviyada tashkil etildi
Buxoroda informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari uchun “INFOTEACH – 2026” respublika forumi yuqori saviyada tashkil etildi. Forum zamonaviy ta’lim tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunda ta’lim sohasini raqamlashtirish, yosh avlodni IT va dasturlash yo‘nalishlariga qiziqtirish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biriga aylangan. Shu nuqtai nazardan, “INFOTEACH – 2026” forumi nafaqat o‘qituvchilarning bilim va tajribasini boyitish, balki ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Forumda viloyatning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan 400 dan ortiq informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Ular sohadagi yangiliklar, zamonaviy ta’lim texnologiyalari va raqamli platformalardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tadbir davomida tajribali mentorlar, IT sohasi mutaxassislari va ilg‘or pedagoglar tomonidan qator amaliy seminar-treninglar tashkil etildi. Ularda informatika darslarida zamonaviy raqamli platformalardan samarali foydalanish, dasturlash muhitlari va Python dasturlash tili asoslari, kiberxavfsizlik, raqamli mas’uliyat hamda loyiha asosida o‘qitish (PBL) metodikasi kabi dolzarb mavzular qamrab olindi.
Ayniqsa, amaliy mashg‘ulotlar jarayonida o‘qituvchilar raqamli ta’lim vositalarini dars jarayoniga integratsiya qilish, o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashi va ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion usullar bilan yaqindan tanishdi. Bu esa zamonaviy ta’lim talablariga javob beradigan raqobatbardosh pedagog kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, forum doirasida ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish, innovatsion g‘oyalarni ta’lim tizimiga tatbiq etish va o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashishga qaratilgan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mazkur jarayon ishtirokchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va kasbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
[gallery-29564]
Tadbir yakunida forumda faol ishtirok etgan barcha o‘qituvchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Bu esa ularning kasbiy faoliyatini yanada rag‘batlantirish, o‘z ustida ishlash va zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etishga undaydi.
“INFOTEACH – 2026” forumi raqamli ta’lim muhitini shakllantirish, pedagoglarning IT sohasidagi kompetensiyalarini oshirish va kelajak avlodni zamonaviy bilimlar asosida tarbiyalash borasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan nufuzli anjuman sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari