Zamonaviy ta’lim sari qadam
Andijon davlat universitetida “INFOTEACH – 2026” respublika forumi bo‘lib o‘tdi.
Ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, xususan, informatika va axborot texnologiyalari sohasida pedagoglar salohiyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, o‘qituvchilar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish maqsadida tashkil etilgan forumda yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 400 nafarga yaqin informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida tajribali mentorlar, malakali mutaxassislar va amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan mavzu doirasida qiziqarli seminar-treninglar, mashg‘ulot va mahorat darslari o‘tkazildi.
Jumladan, ta’lim jarayonida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning axloqiy va xavfsizlik jihatlari, informatika darslarida zamonaviy raqamli platformalarni qo‘llash, Python dasturlash asoslari, kiberxavfsizlik masalalari hamda loyiha asosida o‘qitish (PBL) metodikasini amaliyotga joriy etish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Shuningdek, forum davomida o‘qituvchilar o‘zaro tajriba almashdi, ilg‘or ish uslublari, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan tanishdi. Mavzu doirasidagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan mulohazalar bildirildi.
Forum ishtirokchilari nafaqat nazariy bilimlarini, balki amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.

Forum yakunida barcha qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi, anjuman doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etgan bir guruh pedagoglar rag‘batlantirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA.