Ta’limda raqamli yondashuvlar sari muhim qadam
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “INFOTEACH – 2026” loyihasi doirasida Respublika forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan 300 nafardan ortiq informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalarni samarali qo‘llash, o‘qitish sifatini oshirish hamda o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Forumda tajribali mentorlar tomonidan informatika darslarida zamonaviy raqamli platformalardan foydalanish, dasturlashning zamonaviy usullari va Python asoslari, kiberxavfsizlik hamda raqamli mas’uliyat kabi mavzular atroflicha yoritildi.

Shuningdek, loyiha asosida o‘qitish (PBL) metodikasiga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar tashkil etildi. Unda o‘quvchilarning mustaqil fikrlashini rivojlantirish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish va amaliy loyihalar orqali bilim berish usullari haqida so‘z yuritildi.

Tadbir doirasida soha mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari ham o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlar orqali o‘qituvchilar yangi bilim va amaliy tajribalarga ega bo‘ldi.

Forum yakunida bir guruh faol o‘qituvchilarga sertifikat va tashakkurnomalar topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri