“Filarmoniya yosh ijodkorlari” Respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi
“Turkiston” san’at saroyida “Yoshlik bahori” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tomonidan “Filarmoniya yosh ijodkorlari” Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori Anvar Tojiboyev mazkur ko‘rik-tanlov ilk marotaba o‘tkazilayotganini alohida ta’kidlab, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodlarini katta sahnalarda namoyon etishlariga imkon berish filarmoniya jamoasining doimiy kun tartibida ekanini ta’kidladi.

San’atning turli yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yoshlar ishtirok etgan mazkur ko‘rik-tanlovni O‘zbekiston xalq baxshisi Feruz Normatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Dilfuza Rahimova, Ma’suma Boltaboyeva, O‘zbekiston bastakorlari va kompozitorlari uyushmasi a’zosi Farhod Abdullayev hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bosh musiqa rahbari Ulug‘bek Mamasoliyevdan iborat professional Hakamlar hay’ati baholab bordi.

Yangi yosh iste’dodlarni kashf qilish, yoshlarda Vatanga sadoqat, milliy g‘ururni yuksaltirish, azaliy qadriyat va an’analarimizga bo‘lgan hurmat hissini yanada kuchaytirish hamda xalqimizning ma’naviy dunyosini boyitadigan badiiy asarlar yaratish maqsadida tashkil etilgan mazkur ko‘rik-tanlovda hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 20 nafar yoshlar ishtirok etdi.
Ilk marotaba o‘tkazilgan “Filarmoniya yosh ijodkorlari” respublika ko‘rik-tanlovida 1-o‘rin Bobur Yusupovga, 2-o‘rin Mirjalol Ahatovga, 3-o‘rin Dinora Xolxo‘jayevaga nasib etdi.
Tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
N.Usmonova,
O‘zA