Iste’dodli ijodkor yoshlar saralandi
Marhamat tumanidagi Yoshlar kutubxonasida respublika yosh ijodkorlari Zomin seminarining mintaqaviy – Farg‘ona vodiysi saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Saralash tadbiri ishtirokchi va mehmonlari dastlab, O‘zbekiston Xalq shoiri Muhammad Yusuf qabrini ziyorat qildi, shoirning uy-muzeyida bo‘ldi, shoir tavalludining 72 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashdi.

Seminar ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yoshlar bilan ishlash bo‘limi rahbari Nargiza Asadova va boshqalar mamlakatimizda ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va ijodiy salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, xususan, Zomin seminari yillar davomida ko‘plab iste’dodlarni kashf etib kelayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan seminarning mintaqaviy bosqichida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan 36 nafar ijodkor yoshlar qatnashib, adabiyotning nazm, nasr, badiiy publitsistika, badiiy tarjima va bolalar adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlarining iqtidor, iste’dod va ijod namunalarini namoyish etdi.

Ustoz adib, shoir, yozuvchi, publitsist, tarjimon va adabiyotshunoslar - Nargiza Asadova, Zebo Mirzayeva, Muhtarama Ulug‘ova, Islombek Yoqubov, Xurshida Vahobjon qizi, Ziyovuddin Mansur, Dilshoda Ergasheva, Mas’uma Ahmedova, Vosit Ahmad va boshqa qator ijodkorlar tomonidan qatnashchilarning ijod namunalari ko‘rib chiqildi.

Nazm, nasr, badiiy publitsistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘’balar doirasida o‘tkazilgan mushoira, mashg‘ulot va mahorat darslarida bugungi o‘zbek adabiyoti, ijodkor yoshlarning iqtidor va salohiyati, ijod mas’uliyati haqida so‘z yuritildi. Ustoz ijodkorlar har bir yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchi yoshlarning ijod namunalari bilan tanishib, ular bilan suhbatlashdi, yutuq va kamchiliklar yuzasidan maslahat va tavsiyalar berdi.

Ustozlar xulosasiga ko‘ra, eng iste’dodli yoshlar saralanib, Respublika Zomin seminarida qatnashish uchun tavsiya etildi.

– Men, Zomin seminari saralash bosqichida nazm yo‘nalishida qatnashdim, – deydi O‘zbekiston – Sharda universiteti talabasi Muslima Abdusalomova. – Eng muhimi, ishtirokchi yoshlar uchun katta ijodiy tajriba maktabi vazifasini o‘tagan saralashda ijodim xususida ustozlarning qimmatli tavsiyalarini oldim, ko‘plab yangi do‘stlar orttirdim.

Yakunda ishtirokchilarga sertifikat hamda Andijon viloyati hokimligi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.