FIFA prezidenti: «Kim final chiptasini 2 mln dollarga olsa, unga shaxsan o‘zim xot-dog olib kelaman»
FIFA prezidenti Janni Infantino JCh-2026 uchrashuvlari uchun chipta narxlari haddan tashqari balandligi haqidagi tanqidlarga hazil bilan munosabat bildirdi.
FIFA prezidenti Janni Infantino JCh-2026 uchrashuvlari uchun chipta narxlari haddan tashqari balandligi haqidagi tanqidlarga hazil bilan munosabat bildirdi.
Avvalroq, mundial uchun yangi toifadagi chiptalar joriy etilgani va ularning narxi 2300 dollargacha yetishi haqida xabar berilgan edi.
«Agar kimdir final o‘yini chiptasini ikki million dollarga sotib olsa, u vaqtini a’lo darajada o‘tkazishi uchun shaxsan o‘zim unga xot-dog va koka-kola olib kelib beraman. Biz bozorni hisobga olishimiz kerak, chunki dunyodagi eng rivojlangan ko‘ngilochar bozorga ega mamlakatda (AQSH) ishlayapmiz. Shuning uchun bozor narxlarini qo‘llashga majburmiz. AQSHda chiptalarni qayta sotishga ham ruxsat berilgan. Agar biz chiptalarni juda arzon sotsak, ular baribir ancha qimmatroq narxda qayta sotiladi. Amalda esa, ba’zilar narxlarimizni baland deyishsa-da, bu chiptalar baribir qayta sotish bozorida ikki baravar qimmatroq narxda paydo bo‘lmoqda», — dedi Infantino Beverli-Xillzdagi konferensiyada.
FIFA prezidenti, shuningdek, guruh bosqichi chiptalarining 25 foizi 300 dollardan (254 yevro) arzonroq ekanini ta’kidladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, FIFA hozirga qadar chiptalar uchun 500 milliondan ortiq ariza qabul qilgan. Solishtirish uchun, avvalgi ikkita jahon chempionatida bu ko‘rsatkich 50 million atrofida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 uchrashuvlari 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi.