Jahon chempionati kubogi: oltin, oʻgʻrilik va uni topgan afsonaviy it tarixi
Hozirgi kubok 1974-yildan buyon qoʻllanib kelmoqda.
Sayyoramizning millionlab muxlislari intiqib kutadigan futbol boʻyicha Jahon chempionati bosh sovrini ortida qiziqarli tarix, qatʼiy qoidalar va hatto oʻgʻrilik bilan bogʻliq detektiv voqealar yashiringan.
Ikki inson koʻtarib turgan Yer shari
Hozirgi kubok 1974-yildan buyon qoʻllanib kelmoqda. Uni italiyalik haykaltarosh Silvio Gatssaniga yaratgan. Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) yangi bosh sovrin uchun eʼlon qilgan tanlovga yetti davlatdan 53 ta loyiha kelib tushgan va yakunda Gatssaniga gʻolib deb topilgan.
Mazkur asar qoʻllarini yuqoriga koʻtargan holda yelkalarida Yer sharini tutib turgan ikki sportchini aks ettiradi. Muallif oʻz gʻoyasini Yer sharining dumaloqligi futbol toʻpiga oʻxshashi bilan izohlagan. Gatssaniga oʻz loyihasini qogʻozda tushuntira olmagach, FIFAga gipsdan tayyorlangan modelni olib kelgan va tashkilotchilar uni yuqori baholagan.
Kubok nega toʻliq oltindan emas?

Bosh sovrin 18 karatli (75 foiz sof) oltindan ishlangan boʻlib, balandligi 36,8 santimetr, ogʻirligi esa 6,175 kilogrammni tashkil etadi. Uning asosi ikki qator yashil malaxit toshi bilan bezatilgan. Kubokning taxminiy qiymati 20 million dollar atrofida baholanadi.
Eʼtiborli jihati, kubokning ichi boʻsh qilib yasalgan. Agar u butunlay quyma oltindan boʻlganida, ogʻirligi 70 kilogrammdan oshib ketar va uni futbolchilar boshi uzra koʻtara olmas edi.
Gʻoliblar asl kubokni saqlab qola olmaydi

Amaldagi qoidalarga koʻra, chempion jamoa asl kubokni oʻzi bilan olib ketmaydi. Gʻoliblarga oltin suvi yuritilgan bronza nusxa topshiriladi. Asl kubok esa Syurixdagi FIFA muzeyida saqlanadi va unga faqat cheklangan miqdordagi shaxslargina qoʻl tekkizishi mumkin.
Shuningdek, gʻolib davlatlar nomi kubokning asosiga oʻyib yozib boriladi. Biroq u yerda atigi 17 ta nom uchun joy ajratilgan boʻlib, ushbu boʻsh joy 2038-yilga kelib tugashi taxmin qilinmoqda. Bu esa FIFA yaqin kelajakda yangi yechim topishi kerakligini anglatadi.
Oʻgʻrilangan kubok va uni topgan Pikkels laqabli it
1930–1970-yillarda jahon chempionlariga gʻalaba maʼbudasi Nikeni aks ettirgan Jyul Rime kubogi topshirilgan. Braziliya 1970-yilda uchinchi bor chempion boʻlgach, oʻsha paytdagi qoidaga muvofiq, kubokni butunlay oʻzida olib qolgan. Afsuski, 1983-yil Rio-de-Janeyroda mazkur sovrin oʻgʻirlangan va qayta topilmagan.

Biroq eng shov-shuvli voqea 1966-yili Angliyadagi mundialdan toʻrt oy avval Londonda yuz bergan. Koʻrgazmadan oʻgʻirlangan kubokni bir hafta oʻtib Pikkels laqabli it topib olgan. U panjara tagidagi gazetaga oʻralgan tugunni hidlay boshlagan va uning egasi Devid Korbett oʻram ichidan yoʻqolgan jahon chempionati kubogini koʻrgan. Oʻsha yili Angliya chempion boʻlgan, Pikkels esa mamlakat qahramoniga aylangan. Haqiqiy oʻgʻri esa oradan oʻnlab yillar oʻtib, 2017-yildagina aniqlangan.
2026-yilgi mundial yangiligi

2026-yilgi jahon chempionati tashkilotchilari oʻziga xos yangilikka qoʻl urishdi. FIFA ilk bor rasmiy emblemaga haqiqiy kubokning fotosuratini joylashtirdi. Logotipdagi «26» raqami oldida aks etgan ushbu tasvir orqali Silvio Gatssaniga yaratgan asar musobaqaning butun timsolida markaziy oʻrinni egalladi.
Futbol boʻyicha navbatdagi Jahon chempionati joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi. Musobaqaning final uchrashuvi 19-iyul kuni Nyu-Jersi shtatidagi «MetLife» stadionida oʻtkaziladi.