Farzandlar tarbiyasi ishonchli qo‘llarda
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining pedagoglari joriy yilning 15 aprelidan malaka test sinovlarida ishtirok etmoqda.
Toshkent viloyatidan attestatsiyada ishtirok etish uchun 13 ming 343 nafardan ortiq pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 10 ming 300 nafaridan ortig‘i attestatsiyada ishtirok etishi kutilmoqda. Test jarayonlari Toshkent shahridagi Pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini baholash markazida bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, Ohangaron tumanidagi 27-maktabning ingiz tili fani o‘qituvchisi Dinara Pardayeva testlardan 94 ball to‘plab, oliy toifaga ega bo‘ldi.

– Har kunimdan unumli foydalanishga harakat qilaman. Doim o‘rganishdan charchamayman. Ushbu attestatsiya bizga davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan biri. Kuzda kelib, birinchi toifaga ega bo‘lgan edim. Hali bir yil bo‘lmay mana oliy toifani yoqlayapman. Hatto 70 foizlik ustamani ham qo‘lga kiritdim. Bizga ishonib topshirilgan farzandlarga bor bilimimizni berishga harakat qilamiz, – deydi D.Pardayeva.
A.Musayev,O‘zA