Farg‘onada tibbiy ta’lim va amaliyotni bog‘lovchi klinikada raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti ko‘p tarmoqli klinikasida tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoni ta’lim va amaliy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirilgan.
Klinikada institutning terapevtik yo‘nalishdagi fanlar, nevrologiya va psixiatriya, umumiy xirurgiya, fakultet va gospital xirurgiya, anesteziologiya va reanimatologiya kafedralari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlar nazariy bilimlarini bevosita klinik amaliyot bilan bog‘lash imkoniyatiga ega.
Kafedralarning o‘quv-amaliy xonalari 14 ta elektron doska bilan jihozlangan. Operatsion blokdagi zamonaviy yoritish tizimi va videokuzatuv vositalari orqali jarrohlik amaliyotlarini o‘quv xonalaridagi elektron doskalarda kuzatish mumkin.
Klinikada tibbiy hujjatlarni yuritish ham elektron shaklga o‘tkazilgan. Xodimlar kompyuterlar bilan ta’minlangan bo‘lib, tibbiy ma’lumotlar DMED elektron tizimi orqali yuritilmoqda.
[gallery-30964]
Davolash-profilaktika jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Tibbiyot xodimlarining ishini yengillashtirish maqsadida klinikada “KEENON W3” xizmat robotlaridan foydalanilmoqda. Ular bino ichida buyurtmalar va zarur vositalarni avtonom tarzda yetkazib berishga moslashtirilgan.
“KEENON M2” roboti esa sterilizatsiya jarayonlarida qo‘llanilmoqda. Ultrabinafsha nurlanish va quruq tuman purkash texnologiyalari yordamida xonalarni zararsizlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Klinikada tibbiy ta’lim va amaliy ko‘nikmalarni zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat). O‘zA