Farg‘onada tibbiyot sohasida yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda
2026-yilning yanvar-aprel oylarida Farg‘ona viloyatida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 488,1 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu haqda viloyat statistika boshqarmasi ma’lum qildi.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,1 foizlik o‘sish qayd etildi. Raqamlar hududda tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talabning ortib borayotgani, sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatining kengayayotgani hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi yaxshilanayotganidan dalolat beradi.
Viloyatda zamonaviy diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlarining rivojlanishi, xususiy tibbiyot muassasalari sonining ko‘payishi hamda sog‘liqni saqlash sohasiga kiritilayotgan investitsiyalar xizmatlar hajmining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Darvoqe, tibbiyotga investitsiya masalasida yangilik ro‘y berdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Saudiya Arabistonining "Vision Invest" kompaniyasi Prezidenti va bosh direktori Omar Al-Midani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqotda Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona qurish hamda unga tutash hududda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Unga ko‘ra, 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona xalqaro standartlar asosida barpo etiladi, eng so‘nggi tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi.

Yangi tibbiyot majmuasi nafaqat Farg‘ona viloyati, balki Farg‘ona vodiysi va qo‘shni davlatlar aholisi uchun ham yuqori texnologiyali va malakali tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Loyihaning umumiy qiymati qariyb 300 million dollarni tashkil etadi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA