Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyida O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotovaning hayot yo‘liga bag‘ishlangan hujjatli film taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Film monolog “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan "Hujjatli va xronikal filmlar kinoctudiyasi" DUK tomonidan suratga olingan.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov zamonamiz qahramonlari haqidagi film va asarlar barcha uchun ibrat bo‘lishini alohida ta’kidlab, hujjatli film ijodkorlariga minnatdorlik bildirdi.
Hayoti, umrining mazmunini dehqonchilik rivoji va ravnaqida ko‘radigan Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari Lolaxon opa istiqlol yillarida fermerlikdan chinakam baxt topdi. Opa hayot dorilfununini ado etdi. Traktorchi, oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir, bo‘lim boshlig‘i, xo‘jalik raisi bo‘ldi.
[gallery-292]
Markaziy Farg‘onaning cho‘l-dasht yerlarida paxta, boshoqli don yetishtirishda katta muvaffaqiyatlarga erishib, fermerlik sohasida o‘ziga xos tajriba va mahorat maktabi yaratdi. 2019 yil mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, Lola Murotova “O‘zbekiston Qahramoni”unvoni bilan taqdirlandi.
Opa hech bir mubolag‘asiz, dehqonchilik ilmi professori, akademigidir. Shu bois har bir nafasi, qarashi, hatti-harakatida g‘ayrat-shijoati barq urib turadigan fidoyi zamondoshimizning hayot yo‘li barchamizga ibratdir. Mazkur hujjatli filmda qahramon opaning hayoti va mehnat faoliyati haqida hikoya qilinadi.
Film ssenariy muallifi Qo‘qon davlat pedagogika instituti dotsenti Zeboxon Qobilova, film rejissyori Doniyor Shokirov, operator Said Dalilxon Said Turg‘utxonovdir.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA .