Faol yoshlar uchun “Kamolot” stipendiyasi
Yoshlar ijod saroyida “Kamolot” stipendiyasi ko‘rik-tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Yoshlar ijod saroyida “Kamolot” stipendiyasi ko‘rik-tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning puxta bilim olishi, iqtidorini namoyon etishi uchun keng shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Kamolot” stipendiyasi faol, bilimli va iqtidorli yigit-qizlarni rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu yilgi tanlovda mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim maskanlarining uch yuzdan ziyod bakalavriat, magistratura bosqichida tahsil olayotgan iste’dodli talabalari ishtirok etdi. Yetmish besh iqtidorli talaba stipendiya sovrindoriga aylandi.
Ana shunday iste’dod sohiblaridan biri Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakulteti magistranti Aziza Ahmadova. U hammuallif va boshlovchi bo‘lgan «To‘maris» hujjatli filmi o‘tgan yili «Oltin qalam» X Xalqaro Milliy mukofoti uchun tanlovda «Televideniye» yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan. Faol va tashabbuskor iste’dod egasining izlanishlari munosib baholanib bu yil ushbu stipendiya sohibasiga aylandi.
– Yurtimizda zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olib, sport bilan shug‘ullanishimiz, bilim va salohiyatimizni namoyon etishimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, – deydi Aziza. – Bugungi natijalarimiz bizga bildirilgan yuksak ishonchning samaralaridandir.
Tadbir davomida “Kamolot” sening harakating” nomli videorolik namoyish etildi. Vatan, yoshlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.