Fan, ta’lim, ishlab chiqarish uyg‘unligi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazida “Iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion rivojlanishida polimerlar haqidagi fan va ta’lim integratsiyasining roli” mavzucida respublika ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazida “Iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion rivojlanishida polimerlar haqidagi fan va ta’lim integratsiyasining roli” mavzucida respublika ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti T.Oripov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Sh.Sirojiddinov, Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi direktori S.Rashidova va boshqalar ilm-fan, innovatsion texnologiyalar sohasini jadal ravnaq toptirish, yosh olimlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or ishlanmalarni iqtisodiyotning turli sohalariga keng joriy etish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarda ustuvor o‘rin egallayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 8-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tuzilmasini yanada maqbullashtirish hamda respublika akademik ilm-fani va oliy ta’limining integratsiyasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani ilm-fanning o‘zaro integratsiyalashuvini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur markaz olimlarining ilmiy izlanishlari qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, farmatsevtika, sanoatning turli sohalarida keng qo‘llanilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Markaz olimlari tomonidan polimerlar haqidagi fan tarixi, bu borada mamlakatimiz va xorijda qo‘lga kiritilgan ilg‘or yutuqlarga oid yangi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oluvchi axborotlar jamlanmasi haqida talabalarni to‘la xabardor etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga oliy o‘quv yurtlarida tashkil etilayotgan ma’ruzalar, mazkur markazda o‘tkazilayotgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari yoshlarning polimerlar kimyosi va fizikasiga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.
Jamoada ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida sanoat korxonalarining ilmiy ishlanmalarga bo‘lgan ehtiyojiga oid ma’lumotlar to‘plash yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu korxonalar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish texnologiyasi jarayoniga doir talablarning qondirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
– Markazimiz bir qator oliy ta’lim dargohlari, ishlab chiqarish va sanoat korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, – deydi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi Abdumutolib Otaxonov. – Ayni paytda jamoa tarkibining o‘ttiz foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Bu fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlarning jadal olib borilishi, ularni amaliyotga joriy etish, pirovardida fan, ta’lim, ishlab chiqarishning o‘zaro uyg‘unlashuvini ta’minlash imkonini beradi.
Anjumanda yosh olimlarning ilmiy izlanishlari, ularning faoliyatiga oid taqdimotlar tahlil etildi. Talabalarni yurtimizda polimerlar ishlab chiqarish, qayta ishlash va qo‘llashga ixtisoslashgan korxonalar, kompaniyalarning ilmiy ishlanmalarga bo‘lgan ehtiyoji bilan yaqindan tanishtirish, texnik kengashlarga ishlanmalarni taqdim etish kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.