Fan oyligi – bilim boyligi
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 267-umumta’lim maktabida Sergeli tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tomonidan «Geografiya» va «Iqtisodiy bilim asoslari» fanlari oyligi doirasida tadbir o‘tkazildi.
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 267-umumta’lim maktabida Sergeli tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tomonidan «Geografiya» va «Iqtisodiy bilim asoslari» fanlari oyligi doirasida tadbir o‘tkazildi. Unda oylik davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, faol o‘qituvchi va o‘quvchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.Mazkur fan oyligi ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiya jarayonining zamonaviy talablar darajasida bo‘lishini ta’minlash, fan o‘qituvchilarining pedogogik mahoratini oshirish, ularning ijodiy izlanishlari va mehnatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limining tabiiy fanlar metodisti Nodira Sadriddinovaning ta’kidlashicha, fan oyligi boshlanishi va yakunida umumta’lim maktablari o‘quvchilari bilimining davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlariga moslik darajasini aniqlash maqsadida sinflar kesimida sinov testlari olindi. O‘quvchilarning mazkur fandan o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalari monitoring qilindi.
Oylik davomida turli devoriy gazetalar chiqarildi. Devoriy gazetalarning sahifalarida mamlakatimizda turli sohalarda erishilayoigan yutuqlar, fanga oid qiziqarli ma’lumotlar, yangiliklar, turli boshqotirma va viktorinalar joylashtirildi. Tumandagi 6-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Malika Roziqova «Eng yaxshi devoriy gazeta» tanlovida g‘olib deb topildi.
Shuningdek, oylik doirasida tumandagi barcha ta’lim muassasalarida ochiq darslar tashkil etildi. Ushbu darslar interaktiv usulda o‘tkazildi. Unda qiziqarli o‘yinlar, savol-javob hamda viktorinalar tashkil etildi. «Eng yaxshi ochiq dars» nominatsiyasi bo‘yicha 267-umumta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi Lobar Mirzayeva tengsiz deb topildi hamda rag‘batlantirildi.
O‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida tumandagi barcha maktablarda «Geografiya maydonchasi» tashkil etildi. Unda o‘quvchilar bilan olib borilgan amaliy kuzatuv mashg‘ulotlari asosida «Geografiya maydonchasidan olingan ma’lumotlar» mavzuida fotoko‘rgazma tayyorlandi.
«Yosh geograflar bahslashdi», «Mening o‘lkam», «Nima, qachon, qayerda?», kabi mavzularda fan bilimdonlari o‘rtasida bahs-munozaralar hamda intellektual o‘yinlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida 6 nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar rag‘batlantirildi.