Eron bilan muzeyshunoslik bo‘yicha hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda
Bugun O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Badiiy akademiya raisi Akmal Nur va Eron Milliy muzeyi bosh direktori Jabrail Nokandeh janoblari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda sohada ikki davlat namoyandalari o‘rtasida aloqalar tobora rivojlanib borayotgani, yangi imkoniyatlar yuzaga kelayotgani qayd etildi. Uchrashuvda tomonlar muzeyshunoslik yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, soha mutaxassislari almashinuvini yo‘lga qo‘yish, muzeyshunoslik bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitish, xalqaro ko‘rgazma loyihalarini tashkil etish, ikki tomon muzeylari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bu to‘g‘risida Memorandum imzolash masalalarida kelishib olindi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi o‘z yo‘nalishida Eron Islom Respublikasining tegishli muassasalari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, muzeyda Eron miniatyurachi rassomlarining ko‘rgazmalari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda tomonlar badiiy ta’lim, tasviriy san’atda hamkorlik o‘zaro manfaatlarga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.
G. Boboyeva, O‘zA