O‘zbekiston va Eron turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Eronning boy tarixiy-madaniy merosi hamda ziyorat turizmi, madaniy turizm va tibbiy turizm yo‘nalishlaridagi salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish, turistik marshrutlarni diversifikatsiya qilish va sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan ham fikr almashildi. Shuningdek, Eron tomoni o‘z fuqarolari uchun viza tartib-taomillarini yanada soddalashtirish bo‘yicha taklif bildirdi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistonning turizm salohiyatini Eron bozorida keng targ‘ib qilish, ikki davlatning tarixiy va madaniy boyliklarini o‘zaro tanitish hamda sayyohlar oqimini izchil oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib olindi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi turizm sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA