Badiiy sohada Eron bilan hamkorlik rivojlantiriladi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida akademiya raisi Akmal Nuriddinov hamda Eron Islom Respublikasi elchixonasining Madaniyat maslahatchisi janob Hasan Safarxoniy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma xalqaro loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Akmal Nuriddinov Eron tomonini O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faoliyati, xalqaro loyihalari va asosiy ish yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida ko‘rgazmalar va professional almashinuvni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Janob Hasan Safarxoniy avval o‘tkazilgan onlayn ko‘rgazmani tashkil etishda ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuvda qo‘shma badiiy ko‘rgazmalar tashkil etish, rassomlar va akademiyalar vakillarining ijodiy, ilmiy hamda ta’limiy tadbirlarda ishtirokini ta’minlash, almashinuv dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Eron Badiiy akademiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash imkoniyati ko‘rib chiqildi. Eron tomoni O‘zbekistonda onlayn ko‘rgazma tashkil etish uchun eronlik rassomlarning asarlari fotosuratlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA