Erkin A’zam – xalqaro mukofotga nomzodlar safida
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam Buyuk Britaniyaning «Hertfordshire Press» nashriyoti tomonidan «Heirs to the Great Sinner Sheikh San’on» («Buyuk osiy Shayx San’on vorislari») kitobi uchun «O‘z avlodining eng yaxshi yozuvchisi» nominatsiyasida «Hertfordshire Press Award: Best of a Generation» yubiley mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar qilmoqda.
Ushbu nominatsiya mazkur mukofot tarixida alohida o‘rin tutadi. Xalqaro yubiley mukofoti mashhur nashriyotning butun bir avlod uchun intellektual va adabiy merosini shakllantirgan adiblar, kitoblar va g‘oyalarga bag‘ishlangan.
“Hertfordshire Press Award” tantanali tadbirlari shu yil 3-5-dekabr kunlari Londonda bo‘lib o‘tadi. Marosimlarda taniqli adiblar, madaniyat va fan arboblari, rassomlar hamda xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirok etadi.
Qayd etish joizki, atoqli adib Erkin A’zamning «Heirs to the Great Sinner Sheikh San’on» («Buyuk osiy Shayx San’on vorislari») kitobi Buyuk Britaniyada 2017-yili chop etilgan. Roman, qissa va hikoyalardan iborat ushbu salmoqli kitobni taniqli mutarjimlar A’zam Obid va Kerol Yermakova Shekspir tiliga o‘girgan.
Kitob taqdimoti o‘z vaqtida YUNESKO shafeligida dunyoning yirik madaniyat markazlari – Parij, Vashington, London shaharlarida atoqli yozuvchilar, adabiyotshunoslar, diplomatlar, madaniyat va siyosat arboblari ishtirokida o‘tkazilgan va yuksak bahoga sazovor bo‘lgan.
Mazkur kitob qarorgohi Buyuk Britaniya poytaxtida joylashgan inglizzabon Salvertjournal.com nufuzli internet jurnalida 2021-yili e’lon qilingan o‘ziga xos xalqaro reyting – Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyo adiblarining yuzta asari ro‘yxatidan ham munosib joy olgan edi.
O‘zA