Oliy o‘quv yurtlarining eng faol ma’naviyat targ‘ibotchilari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” respublika ko‘rik-tanlovining oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” respublika ko‘rik-tanlovining oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda so‘zga chiqqanlar istiqlol yillarida yurtimizda milliy ma’naviyatimizni tiklash, uni zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilganligini ta’kidladi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad ma’naviyatimizning qadimiy ildizlari, noyob va betakror namunalari, bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdan iborat.
“Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovining oliy ta’lim muassasalari bosqichida ham pedagog kadrlarning bu yo‘nalishdagi ilg‘or ish uslubi va tajribasi, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yoshlarning qalbi va ongiga yetib boradigan, ta’sirchan usulda olib borishiga e’tibor qaratildi. Ko‘rik-talovning birinchi bosqichida 665 dan ortiq, ikkinchi bosqichida 74 nafar professor-o‘qituvchi hamda ma’naviy-ma’rifiy soha vakili qatnashgan bo‘lsa, yakuniy bosqichda 14 ishtirokchi o‘zaro bellashdi.
Tanlovning yakuniy bosqichida ishtirokchilarning talabalar o‘rtasida olib borayotgan ma’naviy-axloqiy ishlarining samaradorligi, bunda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish darajasi, o‘zi mehnat qilayotgan ta’lim maskanida oila va mahalla o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga oid ishlari atroflicha tahlil etildi.
Toshkent Islom universiteti katta o‘qituvchisi Saidafzal Saidjalolov birinchi o‘ringa loyiq topildi. Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Elyor Rahmatovga ikkinchi, Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi Muhammadjon Abduhamidovga uchinchi o‘rin nasib etdi.
– Bugungi tezkor davr ma’naviyat targ‘ibotchisidan hamisha hushyorlik va ogohlikni, zamon bilan hamqadam, yoshlar bilan hamfikr bo‘lishni talab etmoqda, – deydi tanlov g‘olibi Saidafzal Saidjalolov. – Ish jarayonida talabalarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Ota-onalar, mahalla faollarini keng jalb etgan holda atoqli yozuvchi va shoirlar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari bilan uchrashuvlar, yoshlarning bilimini boyitishga qaratilgan ijodiy ko‘rik-tanlovlar, viktorinalar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.