Ekoturizm: imkoniyat, imtiyoz va samara
Buxorodagi Sitorai Mohi Xossa muzeyida “Yurtimizda turizm istiqbollari” shiori ostida sayohat tashkil etildi.
27 sentyabr “Xalqaro turizm kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda ekoturizm va uning istiqbollari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek partiya o‘z dasturiy maqsad va vazifalari qatoriga turizmning ekologik, agro, gastronomik, ekstremal va boshqa turlari infrastrukturasini rivojlantirishni ilgari surishi ta’kidlandi.


“Sitorai Mohi Xossa” bog‘ining rejasi diqqatga sazovordir. Bog‘ saroy binolari qurilmasidan oldin barpo qilingan. Saroy bog‘i Temur va temuriylar davridagi Samarqand bog‘lariga o‘xshash an’anaviy chorbog‘lar shaklida rejalashtirilgan. Bog‘ sahni bir-biriga perpendikulyar ketgan yo‘laklar bilan to‘rtta to‘g‘ri burchakli maydonchalarga bo‘lingan. Shunga ko‘ra u chorbog‘ deyiladi. Yozgi saroy bog‘ida gulzorlar, ishkomlar, mevali va manzarali daraxtlar, ko‘rkam xiyobonlar, hovuzlar va hayvonot bog‘lari barpo qilingan.
– bugungi ekskursiyadan ko‘p ma’lumotlar oldik, – deydi Kogon tumani partiya tashkiloti raisi Feruza Rahmatova. – Mohi Xossa saroyining o‘simlik va hayvonot dunyosidan bir qismi hozirga qadar saqlangan. Ulardan yoshi eng ulug‘i balxi tutdir. Balxi tut 1760 yillarda ekilgan. Bosh qarorgoh ro‘parasiga ikki tup Katalpa (Fransiyadan keltirilgan) daraxtlari 1893 yilda, Chinor 1884 yilda, Maklura 1899 yilda, Dub-eman daraxti esa 1861 yilda ekilgan. Eman daraxti tagida bir necha daqiqa turgan kishi, bir kecha-kunduz o‘zini tetik sezib yuradi. 1915 yilda sharq mamlakatlaridan keltirib ekilgan tuya daraxtlaridan biri chorrahaga ekilgan. U o‘nlab shox shabba tashlab, tarvaqaylab o‘sib o‘ziga aylana maydon hosil qilgan.


– Kundalik yumushlar har qanday kishini toliqtirishi shubhasiz. Ko‘tarinki kayfiyatdagi inson ham vaqti-vaqti bilan tog‘larga, sokin tabiat qo‘yniga sayr qilishi, hayvonot va nabotot olamidan zavq olishi, toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olishi kerak, –deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati tashkiloti raisi Jahongir Sharipov. – Sayohatning bu turi zamonaviy tilda ekoturizm deb ataladi. Yanada aniqroq qilib aytganda, ekoturizm – shaxslarning dam olish, sport bilan shug‘ullanish, sog‘lomlashish, ma’rifiy-ma’naviy ishlarni amalga oshirish kabi maqsadda hamda ekologik vazifalarni bajarish uchun doimiy yashash joylaridan chiqib, atrof tabiatga qiladigan sayohatdir. Bundan kelib chiqqan tarzda ekoturizmning maqsadi – turizm orqali hozirgi va kelajak avlodlarning ekologik xavfsizligi va barqaror rivojlanishni ta’minlashdan iborat ekanligini anglash mumkin. Respublikamizning ekologik turizm salohiyatini hisobga olganimizda ekologik turizmni rivojlantirishning asosiy resurslari – 4 faslli tabiat mavsumlari, o‘zining ekologik tizimlariga ega bo‘lganligidir. bugungi tadbir davomida Turizmning eng muhim yo‘nalishlaridan ekoturizm sohasini Buxoro viloyatida ham rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA